13:08 / 03.10.2017
6 596

Ertaga Senat xalqaro mehnat standartlari masalasini ko‘rib chiqadi

Ertaga Senat xalqaro mehnat standartlari masalasini ko‘rib chiqadi
Kecha, 2 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tib, unga Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchilik qildi.

Kengash yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 12-yalpi majlisini 4 oktyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi, deb yozadi Qalampir.uz.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2017 yil 5 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunning qabul qilinishi masalasi ko‘rib chiqiladi. Mazkur hujjat 28 sentyabr kuni parlamentning quyi palatasi tomonidan qabul qilingan edi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5–6 sentyabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlash bo‘yicha amaliy harakatlar rejasini (“Yo‘l xaritasi”ni) ijro etish maqsadida Davlat chegaralari to‘g‘risidagi Shartnoma ishlab chiqilgan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ertaga Senat xalqaro mehnat standartlari masalasini ko‘rib chiqadi