Investitsiya kodeksi loyihasi e’lon qilindi

  • O‘zbekiston
  • 8-12-2017, 12:59
  • 553
  • Инвестиция кодекси лойиҳаси эълон қилинди
    Qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash tizimi portalida Investitsiya kodeksining loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

    Loyiha bilan ko‘zda tutilishicha, Investitsiya kodeksi O‘zbekistondagi investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi. Bu munosabatlar sub’ektlar tengligi va investitsiya faoliyatini amalga oshirishning erkinligi, investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga asoslangan.

    Birinchi navbatda davlat tomonidan investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qonun loyihasi bilan taklif qilinayotgan imtiyozlar va preferensiyalarga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

    • investorga davlat mulki ob’ektlarini imtiyozli yoki bepul asosda o‘tkazish;
    • investorga soliq, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar berish;
    • investorga muhandislik kommunikatsiyalarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash;
    • investorga imtiyozli stavkalar bo‘yicha kreditlar taqdim etish;
    • investor tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini subsidiya qilish.

    Bundan tashqari, loyiha bilan mamlakat Hukumati tomonidan investorlarga quyidagi imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilmoqda:

    • investorga kapital qarz pul mablag‘lari shaklida investitsiyaviy ssuda (kredit);
    • investorga investitsiyaviy soliq krediti, u soliq majburiyatini ijro etish muddatini o‘zgartirish shakli hisoblanadi. Soliq to‘lovchi-investitsiya faoliyati sub’ektiga keyinchalik kredit summasi va foizlarni to‘lash bilan foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlarni kamaytirish imkoniyati taqdim etiladi. Bu kredit investorga foyda solig‘i bo‘yicha 1 yildan 5 yilgacha taqdim etiladi. Investor erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari reyestriga kiritilgan taqdirda bunday kreditni taqdim etish muddati 10 yilgacha uzaytirilishi mumkin;
    • investorga bepul va qaytarish asosida investitsiyaviy subsidiya. Investitsiyaviy subsidiya asbob-uskunalar, mashinalar va dastgohlar sotib olish va ularning QMI uchun xarajatlarning 15%igacha qoplash yo‘li bilan taqdim etiladi. Investitsiyaviy subsidiyani to‘lash ishlab chiqarish to‘liq hajmda foydalanishga topshirilgandan keyin, investor tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi;
    • investor vizasi - investorlar uchun boshqa viza turlariga qaraganda muayyan afzalliklarga ega, aynan: doimiy yashash huquqi, qisqartirilgan muddatlarda O‘zbekiston fuqaroligini olish imkoniyati, fuqarolik-huquqiy va boshqa munosabatlarning barcha turlari, tiplari va shakllari uchun milliy rejimni o‘rnatish.

    Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.