O‘zbekistonning barcha muftiylari haqida bilasizmi?

  • 24-02-2018, 18:50
  • 2 312
  • O‘zbekiston
  • O‘zbekistonning barcha muftiylari haqida bilasizmi?
    Shayx Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon
    Hijriy 1276 yili (milodiy 1856) Toshkentda diniy ulamo oilasida tavallud topgan. Otasi Abdulmajidxon eshon taniqli olim, mashhur Mo‘yi Muborak madrasasi mudarrisi, bobosi Yunusxon ibn Ayyubxon mudarris va shayxulislom bo‘lishgan. Eshon Boboxon dastlab uyda otasidan, so‘ngra Buxorodagi Mir Arab madrasasida mashhur ustozlardan, xususan, Domla Ikromchadan tahsil oldi. Tirishqoqligi, aql-zakovati bois tafsir, hadis, aqoid, fiqh bilimdoni bo‘lib yetishdi. Bir necha yillar Mo‘yi Muborak jome’ida imom-xatib va madrasada mudarris bo‘ldi. 1943 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy nazorati raisi, muftiy etib saylandi. O‘sha yillari musulmonlar vakillarining haj safariga borishlari yo‘lga qo‘yildi, Mir Arab madrasasi qaytadan faoliyat boshladi, masjidlar haqida Nizom ishlab chiqildi, diniy boshqarma kutubxonasiga asos solindi, xalqaro aloqalar kengaydi. 1957 yili Toshkentda vafot etdi. Ismoil Qaffol Shoshiy qabrlari yoniga dafn etilgan.

    Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon
    1908 yili Toshkent shahrida tavallud topdi. Hakim qori domla, Bahodirxon maxdum, Shayx Alouddin, Jamol hoji kabi ustozlardan saboq oldi. O‘n ikki yoshida Qur’oni karimni to‘la xatm qilib, hofizul Qur’on bo‘ldi. 1920 yili Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasiga o‘qishga kirib, o‘sha paytda Toshkentga kelgan suriyalik olim Ash Shomiy at Tarablusiydan hadis, fiqh ilmini o‘rgandi. 1943 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati mas’ul kotibi va O‘zbekiston qozisi bo‘ldi. 1947-1948 yillarda Qohiradagi Azhar dorilfununida, so‘ngra Makka, Madina shaharlarida tahsil oldi. 1948 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisining o‘rinbosari etib saylandi. 1957 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasi raisi etib saylandi va umrining oxiriga (1982 yil) qadar ana shu vazifada samarali ishladi.

    Shamsuddinxon Boboxonov
    1937 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1959 yili Toshkent chet tillar institutining ingliz tili fakultetini bitirgan. 1962-1966 yillarda Qohiradagi Azhar dorilfununida tahsil oldi. 1973 yili Maskovda arab filologiyasi bo‘yicha nomzodlik ilmiy ishini yoqladi. 1975-1982 yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida rektor, 1982-1989 yillari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining raisi, muftiy, 1989-1994 yillari O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim va diniy boshqarma raisining noibi bo‘lib ishladi. 1994-2001 yillari diplomatiya sohasida xizmat qildi. O‘rdun Qirollik akademiyasining haqiqiy a’zosi, Xalqaro Ibn Sino mukofoti sohibi. 2003 yilda Toshkentda vafot etgan.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
    1952 yidda Andijon viloyatining Asaka tumanidagi Niyozbotir qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastlab otasi Muhammad Yusuf hojidan diniy ta’lim olgan. Sovet o‘rta maktabini 1970 yilda to‘liq a’lo baholarga tugatgach, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga qabul qilinadi. Keyinchalik, Toshkentdagi Oliy Islom Institutida tahsil olib, 1975 yilda muvaffaqqiyatli tamomladi. 1976 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Liviyadagi Dava’ Islami milliy Islom universitetiga qabul qilindi, hamda moliyaviy rag‘bat bilan muvaffaqqiyatli tamomlagan. Shundan so‘ng diniy boshqarmaning xalqaro bo‘limi xodimi, keyinchalik Islom oliy ma’hadi mudiri noibi, 1983 yildan esa mudir bo‘lib xizmat qildi. 1989-1993 yillari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy vazifasida ishladi. 1997 yilda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Saudiya Arabistondagi xalqaro Islom tashkiloti bo‘lgan Robita al-Islomiya (Musulmon Olami Ligasi) tarkibidagi Musulmon davlatlar va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi federatsiyasiga rahbar etib tayinlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shu kungacha ushbu tashkilot boshqaruv kengashining doimiy a’zosi hisoblanar edi.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 6 juzli “Tafsiri Hilol”, 39 juzli “Hadis va Hayot”, 5 juzli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 3 juzli “Kifoya sharhi muxtasari viqoya”, 3 juzli “Ruhiy tarbiya”, 4 juzli “Sharhi adabul mufrad”, 2 juzli “Yaxshilik va silai rahm kitobi”, “Iymon”, “Vasatiyya — hayot yo‘li”, “Tasavvuf haqida tasavvur”, “Ixtiloflar haqida”, “Din nasihatdir”, “Shoyadki taqvodor bo‘lsak”, “Poklik iymondandir”, “Haj ibodati”, “Islomda inson huquqlari”, “Islomda oila”, “Tarix omonatdir”, “Jamiyat ko‘ksiga urilgan xanjar”, “Islom musaffoligi yo‘lida”, “Islom ma’naviy jinoyatlarga qarshi”, “Ramazonni qanday qarshilaymiz”, “Islom va atrof muhit muhofazasi”, “Sunniy aqiydalar”, “Usulul fiqh”, “Aqoid ilmi”, “Samarqandlik ulamolar”, “Bozor”, “Isrof”, “Ochiq xat”, “Zuhd va hayo” kabi 100 dan ortiq kitoblar va internet sahifalar muallifi edilar.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etdi. Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” “Shayx Zayniddin buva” (Ko‘kcha) qabristoniga dafn etilgan.

    Muxtorjon Abdulloh Buxoriy
    1928 yili Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Buxorodagi Mir Arab, Toshkentdagi Baroqxon madrasalarida, Suriyadagi Damashq jome’sining shariat kulliyasida tahsil olgan. 1958-1991 yillarda Mir Arab madrasasida mudarris, bosh mudarris, mudir vazifalarida ishladi. 1984-1988 yillari Toshkent Islom oliy ma’hadida xorijlik talabalarga dars berdi. 1991-1993 yillari Buxoro viloyatidagi “Hazrati Bahouddin Naqshband” masjidida imom-xatib, 1993-1997 yillari Movarounnahr musulmonlari idorasi raisi, muftiy bo‘ldi, keyinchalik yana imomlik qildi. 2002 yili vafot etgan.

    Abdurashid qori Abdumo‘min qori o‘g‘li Bahromov
    1953 yili Andijon shahrida tavallud topdi. Dastlabki Qur’on ilmlarini otasi Abdumo‘min qoridan o‘rganib, 16 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. 1975-1981 yillar oralig‘ida Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent Islom institutida tahsil oldi. 1979-1997 yillarda Toshkent Islom instituti mudarrisi hamda Toshkent shahridagi “Tilla Shayx” jome’ masjidi imom-xatibi vazifalarida xizmat qildi. 1997 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandi. Shuningdek, Abdurashid qori Abdumo‘min o‘g‘li Misr Arab Respublikasining Azhar universiteti malaka oshirish kursida tahsil olgan. 2006 yil aprel oyida Misr Arab Respublikasida o‘tkazilgan konferensiyada Azhar universitetining faxriy talabaligiga qabul qilingan. 2006 yil avgust oyida muftiylik lavozimidan iste’foga chiqib, shu yili sentyabr oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Ulamolar kengashi” qarori bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Faxriy imomi” unvoniga ega bo‘lgan. 2011 yilda vafot etgan.

    Usmonxon Temurxon o‘g‘li Alimov
    Usmonxon Alimov 1950 yil 1 yanvarda Samarqand viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, 1982-83 yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasida, 1983-87 yillarda esa Toshkent Islom institutida, 1989-90 yillarda Marokashdagi Karavayin universitetida tahsil olgan. 1987-2000 yillar davomida Payariq tumanidagi “Imom Buxoriy” masjidida imom-xatib, 2000 yildan esa O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Samarqanddagi bosh vakili vazifasida faoliyat olib borgan. 2006 yil 8 avgust kuni esa Usmonxon Alimov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.

    Manba: Azon.uz

    » » O‘zbekistonning barcha muftiylari haqida bilasizmi?