15:48 / 03.03.2018
5 565

Shavkat Mirziyoyev: Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat

Shavkat Mirziyoyev: Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat
2 mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xatirchi tumanida Navoiy viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Prezident” matbuot xizmatiga tayanib “Daryo” xabar berdi.

Davlat rahbari viloyatda 2017 yilda bajarilgan ishlar, joriy yilda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar haqida ma’ruza qildi.

“Navoiy viloyati boy tabiiy resurslarga, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Bu boylikni xalqimiz manfaati yo‘lida ishlatish, yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qiymati 3 milliard dollar bo‘lgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur loyihalar natijasida 2026 yilga borib kombinatning ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda paxta yetishtirish va uni qayta ishlash to‘liq klaster usuliga o‘tmoqda. Fermer va tadbirkorlarning daromadi oshib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

“Odamlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati o‘zgarmoqda. Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shunday klasterlar namunasi asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va eksport qilishga ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Suv tejaydigan texnologiyalar asosida meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish, yaylovlarda qorako‘lchilik va echkichilikni rivojlantirish, Nurotada pistachilikka ixtisoslashgan o‘rmon xo‘jaligi tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Prezidenti Navoiy viloyatida foydalinilmayotgan imkoniyatlarni tahlil qilib, ularni ishga solish orqali odamlarni ish bilan ta’minlash, moliyalashtirish bazasini kengaytirish, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, importni qisqartirish va eksportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyatni ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ko‘p qavatli uy-joylar qurish, aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar hal etildi. Xususan, arzon uy-joylar qurish o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar oshiriladigan, viloyat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va shifoxonalarni jihozlash uchun 4,5 million dollar mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Kam ta’minlangan oilalar to‘ylarini davlat tomonidan ixcham tarzda o‘tkazib beruvchi jamg‘arma tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Navoiy viloyatining mehnatkash aholisi belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, har tomonlama rivoj topishiga ishonch bildirildi.

Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: Dunyoqarashni nima o‘zgartiradi – ilm, daromad, manfaat