06:03 / 08.03.2018
6 203

Jurnalistika erkaklarning kasbi...mi?

Jurnalistika erkaklarning kasbi...mi?
NIMA UCHUN AYOL JURNALISTLAR ILGARILAB KЕTDI?
Oynai jahonni yoqishingiz bilan yoqimtoy ayol jurnalist namoyon bo‘ladi. Xorij telekanallarida-ku ayol jurnalistlarning “qaynoq nuqta”lardan lavha berishiga odamlar allaqachon o‘rganib qolgan. Gazeta-jurnallarda ayol jurnalistlarning o‘quvchini fikrlashga, mushohadaga undaydigan xabar va maqolalari kun sayin ko‘payib borayapti. Bularning bari bir vaqtlar aytilgan “jurnalistika erkaklarning kasbi” degan fikr bugungi voqelikka aslo to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Tahlilchilar fikricha, bugungi kunda “nozik jins” vakillari jahon (ayniqsa, AQSH va Yevropa) ommaviy axborot vositalarida yetakchi kuchga aylandi. Rossiya OAVda ayollar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Statistikaga ko‘ra, jurnalist ayollar soni muntazam oshib bormoqda. Ta’kidlanganidek, ularni “qaynoq nuqta”lar ham qo‘rqita olmayapti.

Erkak jurnalistlar xafa bo‘lishmasin-u, ular o‘z mavqelarini ayol jurnalistlarga berib qo‘yayotgandek, nazarimda. Xotin-qizlar erkaklardan qolishmaslikka harakat qilib, murakkab mavzularga dadil qo‘l urishmoqda. Masalan, televideniyedagi “Axborot 24" dasturlari va turli ko‘rsatuvlarda dolzarb mavzularda lavhalar tayyorlayotgan, tok-shoular tashkil qilayotgan ayollarga havas qilishimizni yashirib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. Konchilar, dehqonlar, ishchilar, o‘qituvchilar, hatto farroshlar hayotiga bag‘ishlangan yoki o‘z qahramonlarining qiyofasini ochib beradigan ko‘rsatuvlar tayyorlayotgan ayol jurnalistlarimiz haqiqatan ko‘paydi.

Odamlarga yoqadigan ko‘rsatuv yoki eshittirish tayyorlash, maqola yozish – mashaqqatli ish. Birgina maqolaga material to‘plash uchun ba’zan yillab vaqt ketishini, ayrim ko‘rsatuv yoki eshittirishlarni tayyorlash uchun jurnalist hatto jonini xatarga qo‘yishini bilgan biladi. Shuning uchun jurnalistlik kasbi shaxtyorlikka qiyoslanadi.

Sayt, jurnal yoki gazetada e’lon qilingan har qanday maqola, ko‘rsatuv yoki eshittirish u yoki bu masalaga oydinlik kiritib, odamlarga ma’lumot, ma’naviy ozuqa berishi kerak. Bu juda murakkab ish, buning uchun qancha mashaqqat chekish kerak. Jurnalist ayollarimiz ana shunday qiyinchiliklardan ham tap tortmay, dolzarb mavzularni ko‘tarib chiqmoqda.

“Nima uchun ayol jurnalistlar ilgarilab ketdi?”, degan savolga javob izlab ayol hamkasblarimiz ijodini yana bir bor ko‘zdan kechirib chiqdim. Ular chekinishni istamagan holda (balki erkaklardan ortda qolmaslik uchundir) hamisha olg‘a intiladi. Ayollar o‘z qahramonlari bilan chin qalbdan suhbatlashadi, yozayotgan maqolasiga xuddi farzandiga mehr bergandek qaraydi. Shu sababli ham AYOL jurnalistlar mas’uliyatni teran his etadi. Bir so‘z bilan aytganda, ayol hamkasblarimizning mehnati milliy jurnalistikamiz rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilayotganini e’tirof etish o‘rinlidir.
Sharofiddin To‘laganov

Manba: O‘zA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jurnalistika erkaklarning kasbi...mi?