11:30 / 15.03.2018
8 581

Endi MXX yo‘q, demak... «quloq»lar ham yo‘qmi?!

Endi MXX yo‘q, demak... «quloq»lar ham yo‘qmi?!
Kimdir nimadir ilinjida, nafsini qondirish uchun shu yo‘lga kirgan.
Foto: «news.gisher.ru»

Ha, MXX endi tarix qa’rida! Burnini suqmagan sohasi qolmagan, vakolatlarini «dunyo» qadar kengaytirgan bu tashkilotning nomidan tortib, faoliyat yo‘nalishi ham o‘zgardi. Prezident haqiqatan ham odamlar ko‘nglidagi gaplarni bilar ekan.

MXX qancha-qancha odamlarga qo‘rquv solmadi deysiz! Ne-ne idoralarga kirib-chiqmadi deysiz! Surxondaryo, Buxoro viloyatidagi «xurmacha» qiliqlar haqida eshitdik, bildik. Ayrim tafsilotlar oldin ham qulog‘imizga chalingan, biroq bu haqda ayta olmasdik, axir «quloq»lar bor edi! Shu bois ayrimlar hatto bir-biriga ishonmay qo‘ygandi. Ko‘pchilik bu idora nomini tilga olishga ham qo‘rqib, shivir-shivir gap orasida yelkasiga ikki-uch bor urish bilan izoh berardi.

«Shtatsiz» «quloq»lar o‘z vaqtida Qodiriy, Cho‘lponlarni sotgan, ularning otilishlariga sababchi bo‘lgan. Ajabki, nohaq, adolatsiz tergov qilganlar keyin ham indamay ishlab yuravergan.


Bugun esa boshqacha. Tadbirkorni talaganlar, tergovda zulm o‘tkazganlar endi o‘zlari qonun oldida javob beryapti. Tortib olingan mol-mulklar egalariga qaytarilmoqda.

– Termizda bir zo‘r tadbirkor bor edi, – deydi Faxriddin ukamiz. – U MXX viloyat bo‘limining yo‘rig‘iga yurmadi. Nodir (viloyatda bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan) uni o‘z «krug»iga qo‘shmoqchi edi. Bu – tadbirkor boshqa «boylar» haqida barcha ma’lumotlarni yetkazishi kerak degani edi. Ma’lumot qancha ko‘p bo‘lsa, «boy»ni iskanjaga olish shu qadar oson bitardi. Nodir o‘z yo‘rig‘iga yurmagan tadbirkorga nisbatan siquvni boshladi va oqibatda u Rossiyaga qochib ketishga majbur bo‘ldi. Ishonsangiz, tadbirkor qurdirgan restoran bir kunda tep-tekis qilib buzib tashlandi. Mana endi hammasi joyiga tushdi. Nodirning o‘zi qilmishlariga javob beryapti. Hozir tadbirkor akamiz Termizga qaytib kelgan, bir kafe ochgan.

Xo‘sh, «quloq» masalasida MXX qanday ish tutardi? Biror idora, rahbar, jamoa yoki shaxsga tegishli ma’lumotlarni bilish uchun ularga yaqin muayyan odam nishonga olinardi. U bilan xoli gaplashishar, qo‘liga oppoq varaq tutqazilib, ariza yozdirilardi. Mazmuni (taxminan): «Men Falonchi Pismadon o‘z xohishimga ko‘ra MXX tashkiloti bilan hamkorlikka kirishishimni ma’lum qilaman». Imzo qo‘yilgach... xatga tushding – o‘tga tushding! Bu odam tegishli axborotlarni tez-tez yetkazib turishga majbur edi. Aks holda unga nisbatan do‘q-po‘pisaga o‘tilardi.

– Menga bu masala bo‘yicha bir necha marta kelishgan, – deydi yaqin tanishim. – Odatda MXXning ikki nafar xodimi tashrif buyurar yoki yaqin oradagi kafening alohida bo‘lmasiga chaqirishardi. Ariza yozib berishim uchun bu xodimlarning biri yaxshi gapirar, ikkinchisi esa tahdid qilardi. «Agar aytganimizni qilmasangiz, sizni jinoyatchilarga sherik deb hisoblaymiz», derdi tap tortmay. Men o‘zimni kasalga, ovsarlikka solib ulardan zo‘rg‘a qutuldim.

Ha, «quloq» bo‘lishga ko‘ndirish uchun turli gap-so‘zlar o‘ylab topilgan. Ayniqsa, Vatan haqida chiroyli gapirilgan. Arizachining xunobi oshardi: «Shu arizani yozmasam, imzo chekib bermasam, vatanparvar bo‘lmaymanmi?» Rostdan ham «Vatan uchun» vatandoshni chaqib berish, uni sotish qolipga sig‘maydigan gap! Qiziq, sotganda ham nimasini sotardi axir?


Kimdir nimadir ilinjida, nafsini qondirish uchun shu yo‘lga kirgan. Ayrimlar esa o‘zining «xavfsizligi»ni o‘ylab, bo‘lar-bo‘lmas ma’lumotlarni MXX idorasiga yetkazib berib turgan.

Ayniqsa, dinni ro‘kach qilib qo‘rqitish avjiga chiqqan edi. Bir qo‘shma korxona filialiga, xuddi osmondan tushgandek, tap etib tekshirish keldi. Hamma joyni ag‘dar-to‘ntar qilishdi, rosa kavlashdi. Hujjatlarning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqishdi. Hech nima topisholmadi. Ana shunda ittifoqo garajda joynamozga ko‘zlari tushib qolsa deng! Eng zo‘r «dalil»! Qorovulga tegishli ekan. Ya’ni shu tashkilotning xodimiga! Filialning bechora rahbarini zir qaqshatishdi. Million-million so‘mlab jarima solishdi. Olti oylab mahkamaga qatnadi boyaqish. Ishonsangiz, bu odam hozirgacha juma namozlariga bormaydi, shu qadar yurak oldirib qo‘ygan!

Hammasi ortda qoldi! Devor suvab tashlandi, unda quloqlar qolmadi. MXX bilan birga xavotir, hadik ham ketdi.

Shunday bo‘lsin, ilohim!
Anvar Namozov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Endi MXX yo‘q, demak... «quloq»lar ham yo‘qmi?!