Shavkat Mirziyoyev: "Avvallari mumkin emas edi. Xudo u kunlarni boshqa qaytarmasin"

  • 18-03-2018, 12:04
  • 3 230
  • O‘zbekiston
  • Шавкат Мирзиёев: "Авваллари мумкин эмас эди. Худо у кунларни бошқа қайтармасин"
    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev paxta tolasini respublikaning o‘zida qayta ishlash o‘rniga xorijga sotish kaltabinlik ekanini ta’kidladi. U Past Darg‘om tumanida Samarqand viloyati faollari bilan o‘tkazgan videoselektorida shu haqda so‘z yuritdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz.

    “Paxta sotish bu qip-qizil kaltabinlik. Butun dunyo bizning paxtamizni olib, qancha foyda ko‘radi. Mana Bangladesh O‘zbekistondan 70 foiz paxtani sotib oladi. Hindistondan 30 foizini sotib oladi. O‘zbekiston bilan Hindiston paxtasini aralashtirib 30 mlrd dollarlik mahsulot eksport qiladi. Ular paxta yetishtirish azobini ko‘rmagan. Biz esa, 2 mlrd dollarlik eksport qila olmaymiz.

    Mayli, oldingi vaqtlar mumkin emas edi. Xudo u kunlarni boshqa qaytarmasin. Hozir hamma narsani ochib berdik. Aytayapmiz, rivojlaninglar, deb. Paxtani qo‘shimcha qiymat bilan sotish kerak. Nima degani qo‘shimcha qiymat bilan? Ikki karra ishlab, kalava yo mato emas, tayyor buyum qilib sotaylik.

    Mana bugun men topshiriq berdim, kerak bo‘lsa, 500-1000-2000 kishilik yig‘ma sexlar qilib, 3-, 4- bosqichdagi tayyor mahsulot sotib, Samarqand o‘zlaring qayta ishlab chiqarib, odamlarni boy qilinglar. Shu sababli, bundan keyin Samarqandning har bir tumanida paxta klasterlari tashkil etiladi. Hozir bitta bor. Bu kam. Klaster degani, paxtaning egasi bor degani. O‘zi ekadi, o‘zi teradi, qayta ishlaydi. Tayyor mahsulot qilib sotadi. Chigiti, tolasi hammasi o‘ziniki bo‘ladi. Odamlar endi 2 yil, 3 yil kutmaydi. Shuning uchun bir yilga topshiriq beryapman. Bu yilning o‘zida qilish kerak. 5 yil, 10 yil, Xudo podsho ungacha”, dedi davlat rahbari.

    » » Shavkat Mirziyoyev: "Avvallari mumkin emas edi. Xudo u kunlarni boshqa qaytarmasin"