08:57 / 19.03.2018
5 716

Bosh vazir o‘rinbosari prezidentga va’da berdi: «Boshimiz bilan javob beramiz»

Bosh vazir o‘rinbosari prezidentga va’da berdi: «Boshimiz bilan javob beramiz»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni Samarqand viloyati faollari va poytaxtdan kelgan mutasaddi rahbarlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida rahbarlarga eksport masalasida topshiriqlar berdi. Bu haqda «Kun.uz» xabar bermoqda.

«Viloyatda 16ta kichik sanoat zonasi barpo etish, bu zonalardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun «Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi»dan 50 million dollar ajratish bo‘yicha qaror imzoladim. Yana qo‘shimcha sifatida 50 million dollar, jami 100 million. Bu katta pul. Lekin shunga majburman, boshqa birov kelib bermaydi. O‘zimizning aravamizni o‘zimiz tortishimiz kerak.

Buncha pulni Toshkentgayam bermagandik. Lekin Samarqandga qilish kerak, ahvol yaxshi emas», degan prezident.

«Eksport masalasi. Janob Otajonov (bosh vazir o‘rinbosari, tashqi iqtisodiy faoliyat, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari Nodir Otajonov - tahr), Xo‘jayev ikkovlaring (Botir Xo‘jayev - Iqtisodiyot vaziri - tahr) ikki hafta muddat ichida xulosa qilinglar. Yo‘qsa, o‘zimiz xulosa qilamiz. Meni hozirgi harakatlaring mutlaqo qoniqtirmayapti», degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bosh vazir o‘rinbosariga yuzlangan.

«O‘tgan yilgi eksport rejasi (Samarqand viloyati) 42 foizga bajarilgan. Bilasanmi shuni?».

«Topshirig‘ingiz bilan 331 million dollarga eksport rejasi tuzilgan. Viloyat hokimi bilan birgalikda oyma-oy grafik qilib ishlab chiqildi. Aytganingizdek, chuqur xulosa qilishimiz kerak. Ijroni oyma-oy axborot berib boramiz. Va bunga boshimiz bilan javob beramiz», deya javob qaytargan Otajonov.

Shundan so‘ng, Botir Xo‘jayev hisobot berdi.

«Shavkat Miromonovich, rejadagi 331,5 million dollarining 101,4 million dollarlik qismi sanoat mahsulotlari eksporti, 230,1 million dollarlik qismi qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti bo‘yicha. Eng asosiy sanoat korxonalari muammolari bo‘yicha ishlashni boshlaganmiz. Boshqa viloyatlarda bo‘lgani kabi bu borada axborot beramiz, bu korxonalarga ko‘mak qilish mexanizmlarini ishlab chiqyapmiz. Buni nazoratga olib, shaxsan javob beraman», degan Xo‘jayev.

«Samarqandda eksport bilan import balansini joyiga qo‘yinglar. Kerakli chora-tadbirlarni ko‘ringlar, nazorat qilinglar», deya topshiriq beradi prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bosh vazir o‘rinbosari prezidentga va’da berdi: «Boshimiz bilan javob beramiz»