09:12 / 30.03.2018
6 952

Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida farmonni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida farmonni imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatda aytilishicha, mamlakatning boy va qadimiy tarixidan ma’lumki, ajdodlarimiz tomonidan mahallalarni obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish eng bebaho qadriyat va an’analardan hisoblanadi. Mazkur qadriyatlarni izchil davom ettirgan holda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini barcha hududlarda amalga oshirish orqali qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirish, eng asosiysi, yoshlarni xayrli ishlarga da’vat etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birgalikda, aholining 49 foizi yashaydigan qishloq joylarda salmoqli demografik, mehnat va iqtisodiy salohiyat jamlanishiga qaramasdan, ular uchun zaruriy sharoitlar yaratib berilmagan, turmush darajasi va sifatini oshirishga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Jumladan, so‘nggi yillarda paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda hissasi yuqori bo‘lgan dehqon-fermerlarning va boshqa toifadagi aholining hayotiy-maishiy extiyojlari to‘liq ta’minlanmagan.

Bunday holat qishloq aholi punktlarini tubdan qayta yangilamasdan va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirmasdan, mamlakatni zamonaviy rivojlangan davlatga aylantirishga to‘siq bo‘lmoqda. Xususan, hududlarga tashriflar jarayonida joylardagi haqiqiy ahvol bilan tanishish, bevosita mahalla va xonadonlarga kirib borish hamda aholi bilan muloqot natijalari quyidagi tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Shulardan kelib chiqqan holda:

- 1 apreldan boshlab respublikaning har bir tumani va shaharida, avvalambor, olis va tabiiy iqlim sharoiti og‘ir hududlarda 2018 yilda 2 tadan va kelgusi yillarda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan «Obod qishloq» dasturi (keyingi o‘rinlarda dastur deb ataladi) amalga oshiriladi.

Dasturning ustuvor maqsadlari va xarajatlarning asosiy manbalari:

- respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga aholini ishonchli tarzda ichimlik suvi bilan ta’minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bog‘laydigan yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, shuningdek, lizing asosida qishloq va tuman markazi orasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish;

- mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan qishloq ichki yo‘llari va piyodalar yo‘laklarini barpo etish va ta’mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport to‘xtash bekatlarini qurish;

- xalqaro moliya institutlarining kreditlari hamda korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga elektr ta’minotini yaxshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yoqilg‘isini uzluksiz yetkazib berish;

- ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e’tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda tegishli xarajatlarning yarmini respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar hamda qolgan qismini mahalliy byudjet va mahalliy homiylar hisobidan moliyalashtirish;

- bozor infratuzilmasi ob’ektlarini va servis shoxobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoxobchalarini tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, tijorat banklarining kreditlari va xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan barpo etish;

- uy-joylarni ta’mirlashda xonadon egalariga amaliy yordam ko‘rsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, bu jarayonda keng miqyosda hashar usullarini qo‘llash hisobiga hovli va atrof hududlarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, oqova suv xandaklarini barpo etish hamda muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korxonalar mablag‘lari hisobidan uy qurib berish (ta’mirlash) va boshqalar.

Quyidagilar «Obod qishloq» dasturida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

respublika byudjeti va maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari;

mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha mablag‘lari;

tarmoq korxonalarining mablag‘lari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;

«Mahalla» jamg‘armasining va boshqa tashkilotlarning homiylik xayriyalari;

tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari;

hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

«Obod qishloq» dasturiga kiritilgan ob’ektlarni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan ta’minlash maqsadida metall prokati, sement, noruda materiallari, g‘isht, temir-beton mahsulotlari, eshik, deraza romlari, lok-bo‘yoq, shifer va shu kabi boshqa asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarini ishlab chiqarish uchun korxonalarga gaz va elektr energiyasi 2018 yil 1 maydan boshlab «O‘ztransgaz» AJ va «O‘zbekenergo» AJ tomonidan aholi uchun belgilangan narxlarda yetkazib beriladi.

Farmonning ijrosini nazorat qilish bosh vazir A.N. Aripov va Prezidentning davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev «Obod qishloq» dasturi to‘g‘risida farmonni imzoladi