23:20 / 08.04.2018
5 774

Xorijda yashaydigan 70 nafar o‘zbekistonlik yoshlar ona yurtga kelishmoqda

Xorijda yashaydigan 70 nafar o‘zbekistonlik yoshlar ona yurtga kelishmoqda
O‘zbekistonda tug‘ilgan va turli sabablarga ko‘ra ayni paytda xorijda istiqomat qilayotgan 70 nafar yosh vatandoshlarimiz 10-16-aprel kunlari o‘z Vatanida mehmon bo‘ladi. Shu kunlari yurtimizda ilk bor O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan “Yosh vatandoshlar” festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida festival oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

“Yosh vatandoshlar” festivalini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xorijda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizning boy madaniy merosi, azaliy qadriyatlari, urf-odatlari va asosiysi, yoshlarimizning hayoti bilan yaqindan tanishtirishdan iborat. Shuningdek, ular o‘rtasida o‘zaro muloqot muhitini shakllantirish, ularning tajribalaridan unumli foydalanish va yurtimizdagi islohotlarga jalb qilish, investitsiya kiritishga targ‘ib qilish ham mo‘ljallangan.

Festival Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

Festivalda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya, Yaponiya, Turkiya, Pokiston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi 18 dan ziyod nufuzli mamlakatlardan 70 nafar o‘zbekistonlik yoshlar tashrif buyuradi va jami 400 nafar yoshlar ishtirok etadi va jamiyatimiz hayoti va faoliyatining barcha sohalarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, – deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov.

“Yosh vatandoshlar” festivali tadbirkorlik, turizmni rivojlantirish, ilm-fan va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida ish olib boradi. Mazkur yo‘nalishlarda davra suhbatlari o‘tkazilib, ularda chet elda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan, ilmiy salohiyati yuksak bo‘lgan yoshlar taqdimot qilishadi, shuningdek, yuqori tajribaga ega bo‘lgan davlat vakillari bilan fikr-mulohazalar almashishadi.

Festival doirasida “Muvaffaqiyatli strategiya poydevori”, “O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish”, “O‘zbekistonda arxitektura kelajagi”, “O‘zbekistonda barqaror hamkorlik uchun asos“, “Biznes –O‘zbekistonda investitsiya iqlimi” hamda “Sayyohlarni turizmga jalb etish yo‘llari”, “IT–loyihalarni boshqarishda eng muvaffaqiyatli mexanizmlar”, “O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy rivojlanish istiqbollari” kabi qator mavzular keng muhokama qilinadi.

Kamila Sultonova, festival ishtirokchisi:
O‘zim Qarshi shahrida tug‘ilganman. Bundan 20 yil avval, 15 yoshimda xorijga o‘qishga ketganman. Shunday imkoniyat tug‘ilgandi-ki, men undan foydalanganman. Dastlab AQShda, so‘ng Daniyada ta’lim oldim. Hozirda Finlyandiyada yashayman. Men bugun shu yerda – Vatanimda bo‘lib turganimdan juda xursandman, bu men uchun faxr! Men Vatanimni sevaman. Bilasizmi, Vatanga bo‘lgan sevgini ko‘proq undan tashqarida bo‘lganingizda anglar ekansiz. Men xorij mamlakatlaridagi do‘stlarimga O‘zbekiston Pokiston emasligini, O‘zbekiston faqatgina palov mamlakati emasligini, balki uning intiluvchan, bilimli yoshlari ham borligini isbotlashni xohlayman. Bizning va xorij yoshlari o‘rtasida ta’lim ko‘prigini hosil qilib, shu yo‘nalishda Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari vazirliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Ona shahrim Qarshida onlayn-maktab ochmoqchiman. Bu - mening orzuim.

Umid qilamizki, “Yosh vatandoshlar” festivali uzoq-yaqindan kelgan o‘zbek yoshlari o‘rtasida samarali konstruktiv muloqot o‘rnatish maydoniga aylanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorijda yashaydigan 70 nafar o‘zbekistonlik yoshlar ona yurtga kelishmoqda