20:10 / 12.04.2018
5 073

Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari bo‘yicha yangi qarorni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Davlat xizmatlari agentligi, Davergeodezkadastr, “O‘zarxiv” agentligi, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi boshqa vazirlik va idoralarning ishi qoniqarsiz, deb topildi.

Quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralar, davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan boshqa vakolatli organlarning birinchi darajali vazifalari etib hisoblanadi:

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini yanada unifikatsiyalash va avtomatlashtirish maqsadida axborot tizimlari va axborot resurslarini yaratishga yagona texnologik yondashuvni ta’minlashni hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan rivojlantirish va joriy etish;

vazirliklar va idoralarning arxiv fondini raqamli ko‘rinishga o‘tkazish va tegishli axborot resurslariga kirishga imkoniyat berishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni yanada jadallashtirish;

yagona davlat reyestriga kiritilgan barcha davlat xizmatlari bo‘yicha biznes jarayonlarning reinjiniringini amalga oshirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidagi tartibotlarni va ularni ko‘rsatish muddatlarini tubdan qisqartirish, blank va shakllarni sezilarli darajada optimallashtirish;

davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayoniga jalb etilgan xodimlarning o‘z lavozim majburiyatlarini so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarishini ta’minlash, ularning mas’uliyatini kuchaytirish, hozirgi zamon talablariga muvofiq ishlash ko‘nikmalarini va madaniyatini oshirish, ular ishini ob’ektiv baholash mexanizmlarini joriy etish;

yuklatilgan vazifa va funksiyalardan kelib chiqqan holda muammolarni hal qilishda davlat organlari va tashkilotlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ishtiroklari bo‘yicha harakatlarni birlashtirish yuzasidan mas’uliyatlarini oshirish;

byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan ustuvor ravishda axborot tizimlari, dasturiy mahsulotlar, ma’lumotlar bazalarini belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqish va takomillashtirish, elektron davlat xizmatlarini joriy etish uchun foydalanish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Agentlik zamonaviy davlat xizmatlarini joriy etish masalalariga tegishli ravishda yondashmayotgan davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini ko‘radi.

Kelgusida davlat xizmatlarini joriy etishni yanada jadallashtirishni ta’minlash va ularni ko‘rsatishdagi zaif tomonlarni aniqlash uchun quyidagicha tartib o‘rnatiladi:

2018 yilning 1 iyunidan ilovadagi ro‘yxat bo‘yicha davlat xizmatlari markazlari tomonidan tajriba tariqasida 70-100 turdagi talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlari ko‘rsatiladi;

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari tomonidan tasdiqlanadigan vaqtinchalik ma’muriy reglamentlar qabul qilinadi;

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati aholining dolzarb ehtiyojlari asosida shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan tasdiqlanadi;

tajriba tariqasida joriy etiladigan davlat xizmatlari ro‘yxatiga kiritilgan davlat xizmatlari faqat davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi;

davlat xizmatlarini ko‘rsatish tajriba tariqasida joriy etilgan kundan boshlab vakolatli organ tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish haqidagi arizalarni bevosita arizachilardan qabul qilish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tegishli manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyuniga qadar davlat xizmatlarini tajriba tariqasida ko‘rsatish natijalariga ko‘ra, mazkur davlat xizmatlarini ko‘rsatishni respublikaning barcha hududlarida joriy etish va davlat xizmatlari markazlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda davlat xizmatlari markazlarini tuman (shahar)ning transport kesishuvlari fuqarolar uchun qulay bo‘lgan markaziy qismida joylashgan binolarga, birinchi navbatda, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar binolarini operativ boshqaruv huquqi asosida berish orqali, ko‘chirib o‘tkazishni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga davlat xizmatlari markazlarining yangi binolarini faqat byudjetdan tashqari manbalardan, ayniqsa, davlat-xususiy sherikchilik asosida barpo etish huquqi berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini tanqidiy va chuqur o‘rganish, aholi orasida so‘rovlar o‘tkazish orqali sifatiga nisbatan norozilik kelib chiqayotgan davlat xizmatlarini aniqlagan va ularni takomillashtirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan holda har chorakda talab yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini baholab boradi.

Belgilab qo‘yilishicha:

2019 yil 1 yanvardan boshlab elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish doirasida idoralararo elektron hamkorlik amalga oshirilayotganda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr raqamidan foydalanish majburiy hisoblanadi;

2018 yil 1 iyulgacha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” DUKning elektron raqamli imzo kalitlari sertifikatlari ushbu qarorning ilovasida ko‘rsatilgan davlat xizmatlari markazlari tomonidan fuqarolarga bepul beriladi;

Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator, uning pudratchi (subpudratchi) tashkilotlari axborot tizimlarini, resurslari, ma’lumot bazalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarini zarur apparat-dasturiy komplekslari bilan jihozlash ishlarini texnik va loyiha hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi “Loyiha va import shartnomalarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi” DUKda tezlashtirilgan tartibda kelishgandan so‘ng amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davergeodezkadastr, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda keyinchalik “Elektron hukumat” tizimi bilan integratsiya qilish maqsadida uch oy muddatda axborot tizimlaridagi jismoniy shaxslarning manzil ma’lumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr raqamiga bog‘lagan holda yangilashni ta’minlaydi.

Davergeodezkadastr:

tegishli aholi punktlari, ko‘chalar, tor ko‘chalar va boshqalarga unikal kodlar bergan holda ko‘chmas mulk ob’ektlari manzillari yagona reyestrini shakllantirishni va yuritishni ta’minlaydi;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ko‘chmas mulk ob’ektlarining manzillari reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mexanizmini joriy etishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda barcha davlat xizmatlari markazlari optik tolali aloqa liniyalariga ulanishini ta’minlaydi;

2018 yil 1 sentyabrgacha bo‘lgan muddatda telefon orqali kelib tushadigan murojaatlarni saqlash imkoniyatini yaratgan holda qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash tizimini yaratadi va amalga kiritadi;

Agentlik bilan birgalikda 2018 yil 1 dekabrga qadar talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan mobil ilovaning ishlab chiqilishi va joriy etilishini ta’minlaydi;

Agentlik bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda axborot tizimlarini, resurslari, ma’lumot bazalari, dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, shuningdek, Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlarini zarur apparat-dasturiy komplekslari bilan jihozlashni ta’minlaydi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birga ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma’lumotlar bazalari, server va boshqa jihozlarini xatlovdan o‘tkazib, “Elektron hukumat” tizimi va Agentlikning axborot tizimlariga integratsiya qilsin, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining vazirlik huzurida eng yangi axborot texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan boshqaruv xodimlari soni 5 ta shtat birligidan iborat davlat muassasasi shaklidagi Axborot-tahlil multimedia markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Davlat xizmatlari markazlari va boshqa tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab barcha o‘rta va kasb-hunar ta’lim muassasalarining oxirgi kursida (sinfida) yoshlarning zarur bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati” mavzusida o‘quv seminarlari va ochiq darslarni o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlari bo‘yicha yangi qarorni imzoladi