«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri haqida

  • O‘zbekiston
  • 20-04-2018, 00:30
  • 521
  • «Журналистлик фаолиятини ҳимоя қилиш тўғрисида»ги қонуннинг янги таҳрири ҳақида
    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

    Ushbu hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 26 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 29 martda ma’qullangan.

    Hujjat bilan «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 9ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Qonun 71-modda bilan to‘ldirildi. Shuningdek, 16-moddada ko‘rsatilgan normalar qonunning 2-moddasiga ko‘chirilgani sababli chiqarib tashlandi.

    Ushbu Qonunning maqsadi jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

    Qonunning 3-moddasida jurnalist maqomi belgilab berilgan.

    Jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxsdir.

    «Zamonaviy professional jurnalistlik faoliyatni yuritish amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatmoqdaki, muayyan mavzu bo‘yicha axborot tayyorlash jarayonida axborotni izlash, yig‘ish, tahlil qilish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish jurnalistlik faoliyatning ajralmas qismidir».

    Shuningdek, xorijiy qonunchilikni o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, jurnalist o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirishda nafaqat axborotni yig‘ish, tahlil qilish, tarqatish bilan, balki muayyan mavzuda axborotni tahrir qilish va tayyorlash bilan ham shug‘ullanadi.

    Lekin amaldagi taxrir zamonaviy jurnalist kasbiy faoliyatining ajralmas qismi xisoblangan axborotni tahrir qilish hamda tayyorlash kabi funksiyalarini qamrab olmagan edi, shu sababli jurnalistning maqomi kengaytirildi. Kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra «Jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs» hisoblanadi», deyiladi Adliya vazirligi matbuot xizmati sharhida.

    Qonunning senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi borasidagi 4-moddasi yangi tahrirda berilgan:

    O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

    Hech kim jurnalistdan e’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoxud butunlay nashrdan olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emas emas.


    Jurnalistning huquqlari doirasi «davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo‘lish» bandi bilan to‘ldirildi.

    Jurnalistning majburiyatlariga esa «Jurnalistlik sirini oshkor etmasligi; jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi kabi bandlar bilan to‘ldirildi».

    Qonun Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga bag‘ishlangan 71-modda bilan to‘ldirildi.

    Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistning shaxsiga va o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida uning xulq-atvoriga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir.

    Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va ommaviy axborot vositalarining birlashmalari tomonidan belgilanadi.


    Qonunning 15-moddasida jurnalistning javobgarligi masalasi aks etgan bo‘lib, jumladan qonunning ikkinchi qismida qaysi holatlarda jurnalist javobgar bo‘lmasligi normasi belgilangan.

    Jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi:

    agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma’lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan bo‘lsa;

    agar bu ma’lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa.

    Shuningdek, qonunda internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasiga huquqiy ta’rif berildi.

    Unga ko‘ra, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi Internet tarmog‘idagi tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, o‘zgartirilmagan tarzda tarqatish uchun mo‘ljallangan, elektron shakldagi hujjatlar va ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot resursidir.

    Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasining mazkur veb-sayti bosh sahifasida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

    davriy nashrning nomi;
    davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi va guvohnoma raqami;
    muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
    bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;
    indeks, tahririyatning joylashgan yeri (pochta va elektron manzili)».

    Qonun 19 aprel kuni matbuotda e’lon qilindi va shu kundan kuchga kirdi.

    » » «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri haqida
    Яндекс.Метрика