23:39 / 13.05.2018
5 015

O‘zbekiston uchun inson huquqlari himoyasi ustuvor bo‘lib qolaveradi

O‘zbekiston uchun inson huquqlari himoyasi ustuvor bo‘lib qolaveradi
Prezidentimizning joriy yil 5 may kuni imzolangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati zamirida, avvalo, xalqimiz turmush farovonligini yaxshilash, mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, jamiyatda qonun ustuvorligi tamoyilini to‘liq joriy etish maqsadi mujassamligi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Inson huquqlari umumjaxon deklaratsiyasida belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilgan. E’tiborlisi, yurtimizda shu asosda inson huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish borasida o‘ziga xos milliy tizim yaratildi va bu masalada maxsus milliy institutlar tashkil etildi. O‘zbekiston deklaratsiya asosida qabul qilingan xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilib, inson huquqi sohasida umume’tirof etilgan tamoyillarga sodiqligini namoyon etdi. Bu sa’y-harakatlar, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu g‘oya asosida yanada rivojlantirildi.

Farmon bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturida davlat, jamiyat va fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tamoyillari hamda qadriyatlariga e’tiborini kuchaytirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli muhofaza etishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy hamda boshqa choralar tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, qonunchilikka va davlat organlarining amaliy faoliyatiga inson huquqlari hamda erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish maqsadida aniq vazifalar belgilandi.

Masalan, unda bir qator muhim xalqaro hujjatlarga qo‘shilish hamda ularni ratifikatsiya qilish masalalari o‘rin olgan. Va nihoyat, Nogironlar huquqlari to‘g‘risida Konvensiyani ratifikatsiya qilish bilan birga, ikkita fakultativ protokolga, ya’ni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqi to‘g‘risidagi konvensiyaning hisobot berish tartib-taomillariga hamda Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyaning fakultativ protokoliga qo‘shilishning maqsadga muvofiqligi borasida takliflarni ishlab chiqish nazarda tutilayapti.

Tadbirlar dasturida, shuningdek, qamoqda hamda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlarini kuzatib borishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning vakolatini kengaytirish rejalashtirilgan. Qolaversa, “Bepul yuridik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash belgilangan.

Shu bilan birga, Tadbirlar dasturida inson huquqlariga oid xalqaro konvensiyalar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, sohada ilmiy izlanishlarni olib borish hamda ma’rifiy ishlarni tashkil etishga alohida urg‘u berilgan. Masalan, mamlakatimizning barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalari o‘quv dasturlariga Konstitutsiya, yoshlar va bolalarning huquqlarini o‘rganishga qaratilgan darsliklarni joriy qilish muhim o‘rin tutadi.

Muxtasar aytganda, mazkur Farmonda aholi barcha qatlamlari manfaatlariga mos ko‘plab vazifalar hamda chora-tadbirlar belgilab berilganki, ularning to‘liq va sifatli amalga oshirilishiga har birimiz munosib hissamizni qo‘shishimiz zarur.
Ibrohim XODJIYeV

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston uchun inson huquqlari himoyasi ustuvor bo‘lib qolaveradi