19:53 / 21.05.2018
4 678

Mirziyoyev va Putin telefon orqali muloqot qildi

Mirziyoyev va Putin telefon orqali muloqot qildi
Bugun, 21 may kuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Muloqot avvalida davlat rahbari Vladimir Putinni yana bir bor Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi va unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik, strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarining jadal rivojlanishi va mustahkamlanishi, shuningdek, o‘zaro manfaatli ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi o‘zgarishlar chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik nuqtai nazaridan kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama etdilar.

Ilgari erishilgan kelishuvlarni va savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda imzolangan, shu jumladan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma hukumatlararo komissiya doirasidagi bitimlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlarda Rossiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari ishtirokidagi istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalasiga e’tibor qaratildi.

Mintaqalar darajasida jadal aloqalarni davom ettirish va Toshkent shahrida joriy yilning kuzida O‘zbekiston hamda Rossiya birinchi Mintaqalararo forumini o‘tkazishga kelishib olindi.

Turizm va madaniyat almashinuvini yanada kengaytirish, ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro manfaatli dasturlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosatning boshqa dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqdilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Muloqot yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi prezidentlari turli shakllarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyorliklarini tasdiqladilar.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev va Putin telefon orqali muloqot qildi