09:30 / 24.05.2018
6 079

Avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi murojaat Oliy Majlis muhokamasiga o‘tdi

Avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi murojaat Oliy Majlis muhokamasiga o‘tdi
Foto: Sputnik
O‘zbekistonda avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi ommaviy murojaat «Mening fikrim» portalida 10 mingdan ziyod ovoz to‘plab, Oliy Majlis muhokamasiga o‘tdi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.

Bu portal tarixida parlament muhokamasiga o‘tish uchun yetarli ovoz to‘plagan birinchi murojaat bo‘ldi. Shundan ko‘rinib turibdiki, ushbu mavzu juda dolzarb, tonirovka qilishni istaydiganlar soni juda ko‘p.

Xo‘sh, tonirovka o‘zi nima uchun kerak?

Birinchi va eng asosiy sabab — avtomobil salonini quyosh nurlari ta’siridan va qizib ketishidan himoya qilish.

Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tajribalarga ko‘ra, quyoshda qoldirilgan avtomobilning old paneli 70 darajagacha qizib ketishi, salon harorati esa 55 darajagacha qizishi mumkin ekan. Tonirovka qilingan avtomobillarda salon qizishi 5-10 foiz kamroq bo‘lar ekan.

Tajribalarda quyosh nuri asosan old oyna orqali kirib kelishi aniqlangan. Biroq dunyoning aksariyat mamlakatlarida old oynani tonirovka qilish ta’qiqlangan. Bunday holda mutaxassislar parkovka vaqtida maxsus kumushrang parda bilan to‘sib qo‘yishni maslahat berishmoqda.

Tonirovkaning zarari bormi?

Quyoshdan himoya qiluvchi plyonka nur o‘tkazish qobiliyatini ham pasaytiradi. Ayniqsa yomg‘ir yoki qor yog‘ayotgan, havo bulut bo‘lgan vaqtlarda qoraytirilgan oyna orqali atrofni ko‘rish bir necha baravar yomonlashadi. Buning oqibatida xavfsizlik pasayadi. Aynan shu sababdan shimoliy davlatlarda old oynani tonirovka qilish ta’qiqlangan.

Ikkinchidan, tonirovka qilingan avtomobil uning yoni va orqasidan harakatlanayotgan boshqa avtomobillar uchun narigi tarafda nima bo‘layotgani ko‘rinmaydigan «qora devor»ga aylanib qoladi. Ba’zi hollarda bu xavfli bo‘lishi mumkin. Masalan, tonirovka qilingan avtomobil oldidan o‘tayotgan piyodani uning yonidan harakatlanayotgan avtomobil haydovchisi eng so‘nggi damga qadar ko‘rmay qolishi mumkin.

Dunyo mamlakatlarida qanday tonirovkaga ruxsat berilgan?

Rossiya va Yevropa:

Old oyna — 75, oldingi yon oynalar – 70 foiz nur o‘tkazishi kerak. Orqa oyna va orqa yon oynalar — cheklanmagan. Faqat stop-signal orqa oyna ichiga o‘rnatilgan bo‘lsa uni yopish mumkin emas.

Fransiyada:

Old oyna tepasiga faqat eni 10 santimetr bo‘lgan qoraytirilgan plyonka yopishtirish mumkin. Yon va orqa oynalarga Fransiyada sertifikatsiyadan o‘tgan qoraytiruvchi plyonkalar yopishtirish mumkin.

AQShda:

Alabamada — yon va orqa oynalar 32 foiz nur o‘tkazsa kifoya;

Alyaskada — oldingi oynalarni qoraytirish ta’qiqlangan, orqa oynalar 37 foiz nur o‘tkazishi kerak;

Kaliforniyada — old oynaning yuqori qismida 10 santimetr qoraytirish mumkin. Oldingi yon oynalar 70 foiz nur o‘tkazishi kerak. Orqa oynalar istalgancha qoraytirilishi mumkin;

Floridada — oldingi yon oynalar 28, orqa oynalar foiz nur o‘tkazsa kifoya.

Shu o‘rinda aytish joizki, tonirovka qilingan oyna orqali ko‘rish asosan qoraytiruvchi plyonkaning sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu borada yetakchi va tajribali kompaniyalar mahsulotidan foydalangan afzal.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi murojaat Oliy Majlis muhokamasiga o‘tdi