00:00 / 22.06.2018
6 718

Shavkat Mirziyoyev investitsiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev investitsiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 iyun kuni tarmoqlar va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish natijalari tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda investitsiya muhiti yaxshilangani natijasida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar faol kirib kelmoqda. Xususan, 2018 yilning besh oyida 776 ta yangi qo‘shma va xorijiy korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 496 taga ko‘pdir. Shuningdek, joriy yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 377 ta hududiy va 148 ta tarmoq loyihalari bajarilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini yengillashtirish dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 iyun kuni qabul qilingan «Investitsiya va infratuzilma loyihalarini jadal amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ana shu maqsadga qaratilgan. Mazkur qarorga ko‘ra, bundan buyon Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari bo‘yicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishda to‘lov olinmaydi.

Shuningdek, davlat byudjeti va byudjetdan tashqari jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, hukumat kafolatlagan kreditlar hisobidan tovarlarni davlat uchun xarid qilish bo‘yicha tender hujjatlari va import shartnomalarini ekspertiza qilishda ham haq to‘lanmaydi. Dastlabki va yakuniy texnik-iqtisodiy asoslarni kompleks ekspertiza qilish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori 4 barobargacha qisqartirildi.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan yoki bir bosqichli loyihalar bo‘yicha moliyaviy-iqtisodiy hisobot ishlab chiqish talabi bekor qilindi.

Prezidentimiz qarorda belgilangan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha hujjatlar tayyorlash, ekspertiza qilish hamda tasdiqlashning yangi, yanada soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Joriy yil uchun tasdiqlangan investitsiya va infratuzilma loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan, bajarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan har bir loyihani jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar, ichimlik suvi tarmoqlari va boshqa ijtimoiy ob’ektlar qurish ishlarini moliyalashtirish hamda o‘z vaqtida foydalanishga topshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflar yakunlariga ko‘ra ishlab chiqilgan 2018-2019 yillarda ushbu hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari doirasida 6 ming 317 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Buning natijasida jami 219 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bu loyihalar uchun joy ajratish, infratuzilma tarmoqlariga ulash ishlarini o‘z vaqtida hal qilish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda investitsiyalarni, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va samarali o‘zlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Xorijiy davlatlarga tashriflar va muloqotlar natijasida qiymati 17 milliard dollar bo‘lgan 182 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish to‘g‘risida birlamchi kelishuvga erishilgani qayd etildi. Bu investitsiyalarni o‘zlashtirish biznes-reja va texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bilan bog‘liq. Shu bois bu boradagi ishlarni jadallashtirish, xorijiy investitsiyalarni istiqbolli loyihalarga yo‘naltirish va yuqori samaradorlikka erishish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Keng imkoniyatlari bo‘lishiga qaramay, Buxoro viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokida 10 ta loyiha, Navoiy viloyatida 9 ta loyiha, Qashqadaryoda atigi 1 ta loyiha amalga oshirilayotgani qayd etildi. Qashqadaryoda 13 ta tumanda, Farg‘onada 11 ta, Surxondaryoda 10 ta, Toshkent, Buxoro, Jizzax viloyatlarida 8 tadan, Xorazm, Navoiy viloyatlarida 7 tadan, Qoraqalpog‘iston va Samarqandda 6 tadan, Andijon va Sirdaryoda 5 tadan, Namanganda 4 ta tumanda xorijiy investitsiya ishtirokida birorta ham loyiha rejalashtirilmagani tanqid ostiga olindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
— Shuning uchun bu ishlarni keskin faollashtirish kerak. Investitsiya qo‘mitasining viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xorijiy investitsiyalarni olib kelishi va xorijiy investorlarga barcha masalalar bo‘yicha amaliy ko‘mak berishi kerak. Shuningdek, tuman va shahar hokimlari, sektorlar rahbarlarining har biri o‘z hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etishga hissa qo‘shishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihalarni amalga oshirishning barcha jarayonlarini to‘liq qamrab oladigan, uni tayyorlashdan ishga tushirishgacha bo‘lgan davrni monitoring qilish imkonini beradigan yagona elektron axborot tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Investitsiya takliflarini shakllantirish, investorlar topish, loyihalar ishlab chiqish, ekspertiza qilish, moliyalashtirish va amalga oshirish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev investitsiya masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi