10:28 / 05.07.2018
7 390

Shavkat Mirziyoyev paxta bizga nima uchun kerakligi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev paxta bizga nima uchun kerakligi haqida gapirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti xabar bermoqda.

Yig‘ilishda shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hali kamchiliklar ko‘pligi ham qayd etildi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotgani, yoshlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarli e’tibor berilmayotgani tanqid qilindi.

Video selektor yig‘ilishida shuningdek, tajriba natijalaridan kelib chiqib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilingani aytib o‘tildi.

Farzandlarimiz tarbiyasi, yurish-turishidan har kuni ogoh bo‘lmasak, ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ularning qo‘li mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, yoshlarni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektorda mutasaddi va joylardagi rahbarlar jam bo‘lgani bois ayni kunlardagi yana bir dolzarb masala – g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bu yil ob-havoning quruq va salqin kelishi sababli g‘o‘za rivoji 10-15 kunga, ba’zi joylarda 20-25 kunga kechikkani qayd etildi. G‘o‘za parvarishidagi qoloqlikni bartaraf etish, kafolatlangan hosil yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bu yil davlat tomonidan oldingi yillarda bo‘lmagan barcha sharoitlar yaratib berildi, endi fermerlar ham shunga yarasha javob qilishi kerak. Oldingidek rejaning ortidan quvib, daromadni o‘ylamaydigan, hisob-kitobsiz ish qiladigan fermer bizga kerak emas. Paxta bizga rejani bajarish uchun emas, ish o‘rinlarini yaratish, aholi daromadini oshirish, turmush darajasini yaxshilash uchun kerak, dedi Prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev paxta bizga nima uchun kerakligi haqida gapirdi