09:28 / 14.07.2018
4 854

Prezident sud tizimi shaffofligini oshirishga farmon berdi

Prezident sud tizimi shaffofligini oshirishga farmon berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Farmonda sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan ishlari qoniqarsiz darajada tashkil etilganligi sud faoliyatini lozim darajada yoritish imkonini bermayotgani hamda aholining sud hokimiyatiga ishonchi pasayishiga olib kelayotgani ta’kidlab o‘tilgan.

Shuningdek, sudyalarni moddiy ta’minlash va ijtimoiy himoya qilishning amaldagi tizimi sud hokimiyatining alohida mavqei va obro‘siga, sudyalar mustaqilligi prinsiplariga muvofiq emasligi kasbiy o‘sishni yanada rag‘batlantirishga to‘sqinlik qilib, kadrlar qo‘nimsizligiga olib kelayotani qayd etilgan.

Endilikda, ushbu farmon bilan odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi veb-saytida sud qarorlarini tizimli ravishda e’lon qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Qabul qilingan sud hujjati o‘qib eshittirilganidan so‘ng uning mazmun-mohiyati sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirilishi sud amaliyotiga joriy etiladi.

Sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini xabardor qilish maqsadida har chorakda viloyat sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan brifinglar o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hay’atlari tomonidan sud ishlarini nazorat tartibida, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan sud ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti obzorlari har chorakda e’lon qilinadi.

Hujjatga muvofiq sudyalar oyligi oshgan, xususan, 2018 yil 1 avgustdan boshlab:

- Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari bir yarim baravar miqdorda qo‘llaniladi;
- malaka darajasi va mansab darajasiga ega bo‘lganlarga 50 foiz miqdorida ustama to‘lanadi;
- ko‘p yillik xizmatlari uchun, lavozim maoshlariga (mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti) ustamalar hamda malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq miqdorlari adliya organlari xodimlari uchun belgilangan miqdorlarga tenglashtiriladi;
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oliy sud va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamentining yuqori malakali, tashabbuskor, xizmat majburiyatlarini halol va samarali bajarayotgan sudyalari va xodimlariga Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda oylik mehnatga haq to‘lash fondining 100 foizigacha miqdorda ustama (pul ta’minoti) to‘lash huquqi beriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident sud tizimi shaffofligini oshirishga farmon berdi