12:26 / 19.07.2018
5 103

Turkiyalik ekspert fikri: Nima uchun O‘zbekistonga albatta sayohat qilish kerak?

 Туркиялик эксперт фикри: Нима учун Ўзбекистонга албатта саёҳат қилиш керак?
"Darhaqiqat, O‘zbekiston beqiyos o‘lka. Men ham bu ifodani O‘zbekistondan qaytgach, qo‘llay boshladim. U yerga borishdan avval "Qanday joy ekan o‘zi? Meni u yerda nimalar kutmoqda?" kabi xayollar kelgan edi. Biroq O‘zbekistondan qaytganimdan so‘ng fikrlarim butkul o‘zgardi. Endi men O‘zbekistonni dunyoning albatta sayohat qilinishi kerak bo‘lgan 10 ta mamlakatidan biri deb bilaman", deydi Turkiya Gastronomik turizm uyushmasi Boshqaruv kengashi raisi Gurkan Bo‘ztepe birincibolge.com saytidagi maqolasida.

Nima uchun O‘zbekistonga sayohat qilish kerak, degan savolga mening javoblarim quyidagicha:
  • Qardosh turkiy xalqlarni yaqindan tanish uchun;
  • Muhtasham mehmondo‘stlikni his etish uchun;
  • Dunyoning hech bir joyidan topib bo‘lmaydigan islomiy obidalarni ko‘rish uchun;
  • Tibbiyot va din allomalarining ilmiy tushunchalarini anglash uchun;
  • Hazrati Usmon Mushafi, Hazrati Doniyol payg‘ambar qadamjolari, Mirzo Ulug‘bek asos solgan akademiya, shuningdek, Ibn Sino, Mirzo Bobur, Imom Buxoriy, Imom Mansur Moturidiy, Ali Qushchi kabi o‘z davrida dunyo taqdirini o‘zgartirgan daholarning merosi bilan tanishish barobarida, ularning ilmiy ta’limotlarini tushunish va qabrlarini ziyorat qilish uchun;
  • YuNESKOning Butunjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekistonning turli hududlarida tayyorlangan palovning beqiyos ta’mini tatib ko‘rish uchun;
  • Ajoyib fotosuratlar uchun;
  • Gazli suv, somsa, jiz, vag‘uri, navro‘z-kabob, qozon kabob, go‘shtli assorti, tuxum barak, qovoq manti, buqa go‘shti, ot go‘shti, ko‘k choy kabi betakror lazzatga ega taomlarni o‘z yurtida tatib ko‘rish uchun;
  • Dunyo yetakchisi — sohibqiron Amir Temur merosi bilan yaqindan tanish uchun;
  • Dunyodagi o‘zgarishlarga hamohang ravishda zamonaviy davlat qurgan Islom Karimovni yaqindan tanish uchun.

Tashrifimizning sababiga to‘xtaladigan bo‘lsak, qadrdon do‘stim, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Shuhrat Aminovning yordami bilan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari janob Aziz Abduhakimovning taklifiga ko‘ra bu mamlakat bilan yaqindan tanishish, madaniyat va turizm sohasidagi hamkorliklarni mustahkamlash maqsadida Turkiya Gastronomik turizm uyushmasi (GTD) boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosarlari bilan birgalikda rasmiy tashrif bilan bordik.

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe
Bu tashrifdagi tashkiliy ishlar haqidagi xulosalarimni ifodalab o‘tmoqchiman:

1. Tashrifimiz mukammal darajada tashkil etildi.

2. Mamlakat keng, ko‘riladigan joylar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, bizga hamrohlik qiluvchi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimi Anvar Yusupov bizga katta yordam qildi. O‘zining chuqur intellektual salohiyati va amaliy aql-zakovati yordamida qandaydir xatolarga yo‘l qo‘ymadi.

3. Ichki ishlar xodimlari 24 soat davomida bizga posbonlik qilishdi.

4. Har bir shaharda bizni hokimlik vakillari kutib olardi. Ular bizni vokzal va aeroportlarning CİP-VIP zallarigacha kuzatib qo‘yishdi.

5. Ayniqsa, Buxoro viloyati hokimining Turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari bilan yaqin do‘stga aylandik.

6. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi va o‘rinbosarining yordamini yaqqol his qilib turdik.

7. Buxoro va Samarqand viloyatlarida turizm sohasida muhim hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

8. O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi hamda Savdo sanoat palatasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi bilan muhim kelishuv bitimlarini imzoladik.

9. Eng asosiy kelishuv Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan imzolandi. Shuningdek, mazkur hujjat doirasida mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, gastronomik turizm yo‘nalishida Turkiyadan yanada ko‘proq turistlarni jalb qilish, har ikki mamlakatning pazandachilik yutuqlari bilan o‘rtoqlashishga kelishib olindi. Bu borada Turkiya Gastronomik turizm uyushmasiga tegishli vakolatlar berildi.

10. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK o‘zining sifatli xizmatlari bilan ko‘zlarimizni quvontirdi. Barcha bort kuzatuvchilari juda ochiqko‘ngil, menyudagi taomlar esa juda to‘yimli edi.

11. O‘zbekiston xuddi Hindiston kabi bepoyon o‘lka bo‘lgani sabab ba’zi joylarga borish uchun poyezddan foydalandik. U yerda poyezdlar ikki xil ekan, biz ikkisiga ham mindik. Poyezdlarning qulaylik darajasi Parij-London orasidagi poyezdlarnikidan farq qilmaydi. Uzoq masofalarga qisqa vaqtda yetib oldik. Yo‘lda ayniqsa poyezd bo‘ylab suratga olishni sevuvchilar uchun chiroyli manzaralar ko‘p.

12. Mamlakatda ajoyib taomlar bor. Ko‘pchilik faqatgina o‘zbek palovini bilsa kerak, lekin men go‘shtli taomlar borasida ilgari bunday lazzatni his qilmaganman. Ot go‘shtidan buqa go‘shtigacha ajib taomlarlarning mazasi og‘zimda qoldi.

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe
Tashrif davomida e’tiborimni tortgan holat shu bo‘ldiki, madaniy jihatdan bu qadar teran ildizlarga ega bu o‘lkaga sayyohlar oqib kelishi kerak bo‘lsa-yu, nima uchun sayyohlar u qadar ko‘p emas, degan xayolga bordim. Javobi aslida, juda oddiy: biz - turkiy xalqlar hech qachon yevropaliklar va amerikaliklar kabi qo‘limizdagi boyliklarni bozorga solish va sotishga usta bo‘lmaganmiz.

Italyanlar va fransuzlar oddiy bir muhabbat chashmasini yoki Eyfel minorasini qanday ustalik bilan pullashmoqda. Oddiy bir Eyfel minorasiga tashrif buyurayotgan turistlar soni O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar sonidan ko‘p.

Endi biz turkiy xalqlar ham zamona zayliga moslashishimiz kerak, nazarimda.

Dunyo turizmida kuzatilayotgan tendensiyalariga ko‘ra, gastronomik turizmning roli oshib bormoqda. Shunday ekan, O‘zbekiston turizm sohasida dunyoda o‘z o‘rnini topish istagida bo‘lsa, faqatgina madaniy merosi bilan cheklanib qolmasdan, betakror oshxonasini ham dunyoga tanitishi lozim.

Dunyoni-ku qo‘yavering, Istanbulda necha kishi haqiqiy o‘zbek palovini yegan?

Istanbulda O‘zbek restorani (O‘zbekistonda qanday bo‘lsa shunday) O‘zbekistonda esa Turk restorani (Turkiyada qanday bo‘lsa, shunday) haqiqiy dekoratsiyalari bilan, faoliyati to‘g‘ri tashkil qilinib va yetarli darajada targ‘iboti yo‘lga qo‘yilib ochilsa, muvaffaqiyatga erishishi shubhasiz.

Shaxsan men Yevropaga borganimda nonushta masalasida och qolaman. O‘zbekiston biz bilan mushtarak oshxonaga ega bo‘lgani uchun taomlari juda mazali, ammo u yerda ilgari biz ta’mini his etmagan o‘ziga xos mahsulotlarni uchratishimiz mumkin. Bu o‘lka biz uchun yangicha tuyg‘ular hadya etadi.

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe
Muxtasar qilib aytganda:

Astronomiyaga qiziqasizmi? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Dunyodagi eng birinchi yirik rasadxona shu yerda qurilgan).
Davlat arbobimisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Buyuk davlat arbobi Sohibqiron Amir Temurni yaqindan tanish uchun).
Me’mormisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (U yerdagi betakror obidalardan fayz olish uchun).
Mahalliy hokimiyat rahbarimisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Ko‘chalar, yo‘llarning ozodaligi, shaharlarning obodligi nuqtai nazaridan).
Investormisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Turizm sohasi uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishasiz).
Musulmonmisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Madaniy va ziyorat turizmi obidalari bilan tanishasiz).
Suratkashmisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Eng go‘zal manzaralarni suratga olish uchun).
Gurmanmisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Eng mazali taomlarni tatib ko‘rish uchun).
Turkiymisiz? O‘zbekistonni borib ko‘ring (Turkiylarning tarixi bilan tanishish uchun).

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe
Bu tashrifimdagi mehmondo‘stlik uchun eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga, Bosh vazir o‘rinbosari janob Aziz Abduhakimovga, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Umarovga, rais o‘rinbosari Abdulaziz Aqqulovga, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli Shuhrat Aminovga, Buxoro viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Furqat Xodjayevga, Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorovga, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi Vahob Qahhorovga samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Anvar Yusupov qardoshimiz omon bo‘lsin, muntazam yonimizda bo‘ldi. O‘zining yuksak bilimlari bilan O‘zbekiston haqida bilishimiz kerak bo‘lgan holatlarni tarixiy tafsilotlari bilan tushuntirdi.

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe

Foto: birincibolge.com /Gürkan Boztepe


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Turkiyalik ekspert fikri: Nima uchun O‘zbekistonga albatta sayohat qilish kerak?