14:15 / 18.08.2018
4 117

“Tarixdagi inqilobiy yil”: Mirziyoyev va Rahmon nimalar haqida gaplashishdi?

"Тарихдаги инқилобий йил": Мирзиёев ва Раҳмон нималар ҳақида гаплашишди?
Kecha, 17-avgust kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 17 yilda ilk marotaba O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Aytish joizki, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil mart oyida 18 yil deganda ilk marotaba Tojikistonga rasmiy safar uyushtirgan edi.

Mirziyoyevning aynan shu qadami, xalqaro ekspertlar ta’kidiga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning tiklanishida muhim qadam sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining tor va keng doiradagi muloqoti Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Ushbu dargohni 2017-2018 yillar davomida ko‘plab tarixiy uchrashuvlar va kelishuvlarga guvoh bo‘layotgan joy sifatida e’tirof etish mumkin.

Mirziyoyev va Rahmonning tor va keng doiradagi muzokaralaridan so‘ng, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat rahbarlari bugungi uchrashuv natijalari va kelishuvlar haqida ma’lumot berdilar.

“2018 - inqilobiy yil”

Jurnalistlar qarshisida chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning tashrifidan g‘oyat mamnunligini, bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasidan juda ham qoniqqanligini va bugungi kun ikki davlat tarixiga oltin harflar bilan yozilishini ta’kidladi.

“O‘tmishda yaxshi yillar ham, tushunarsiz yillar ham ko‘p bo‘lgan, lekin 2018-yil tariximizda - inqilobiy yil bo‘lib qoladi. Mana shunisi eng asosiysi. Chunki, inqilobiy yilda bizning xalqlarimizning istagi, o‘zbek-tojik munosabatlarining ko‘p asrlik tarixi mujassam. Va hurmatli Emomali Sharifovich bilan, o‘rtada ko‘plab savollar bo‘lganiga qaramay, shu natijaga erisha oldik. Biz bu uchun uzoq tayyorgarlik ko‘rdik. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, mana bugun bo‘y ko‘rsatdi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan 1,5 yil davomida O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari eng muhim, nozik va ta’bir joiz bo‘lsa, strategik masalalarni muhokama qilib borgan. O‘rtadagi muloqot oson kechmagan, u murakkab kechdi, lekin u zarur muloqot edi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida hech qanday savollar qolmadi, deb ta’kidladi o‘z bayonoti davomida Mirziyoyev.

O‘zbekiston va Tojikiston bugungi kunda do‘st bo‘lishni, qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashni va, eng asosiysi, xavfsizlikda hayot kechirishni xohlaydi, shu bois, taraqqiyot yo‘lini tanladi.

“Qo‘shni Tojikiston bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor jihatlaridan biri sanaladi, men buni bugun yana bir karra ta’kidlab o‘taman”, dedi Mirziyoyev.

O‘z navbatida, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon “biz bu tashrifdan g‘oyat mamnunmiz, uning yakunlariga katta ahamiyat qaratamiz”, - deya qayd etdi.

Siyosat, iqtisod va Strategik sheriklik

Ikki davlat siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv energetika va boshqa muhim sohalarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha masalalarni muhokama qildilar.

Shu bugun O‘zbekiston va Tojikiston Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. “Bu hujjat munosabatlarimizda yangi bosqich boshlanganidan dalolatdir”, - dedi o‘z nutqi davomida Mirziyoyev. Emomali Rahmon, tarixiy ahamiyatga ega bu hujjat o‘zbek-tojik munosabatlari asosini aniqlab berishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston eng yaqin qo‘shnilar bo‘lgani bilan, o‘tgan yillar davomida Strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma ular o‘rtalarida imzolanmagan.

Ko‘ksaroyda o‘tkazilgan muzokaralar natijasida ikki davlat o‘rtasida umumiy hisobda 27ta ikkiyoqlama hujjatlar imzolandi. Tojikiston prezidentiga ko‘ra, bu hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi “serqirra munosabatlarning huquqiy-kelishuv asoslarini sezilarli kengaytirdi”.

Ta’kidlanishicha, Tojikiston va O‘zbekiston biznes doiralari o‘rtasida imzolangan shartnomalarning umumiy miqdori qariyb 800 million AQSH dollarini tashkil qildi.

Hukumatlararo komissiyalar uchrashuvi natijalari

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta’kidiga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Hukumatlaro komissiya faol ish olib bormoqda. Joriy yilning o‘zida ular 4 marotaba uchrashishgan.

“Bu uchrashuvlar Tojikiston prezidenti bilan bo‘lgan kelishuvlarimizni tezroq amalga oshirish istagidan dalolat beradi”, - deb qayd etdi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari, yaqin kelajakda Tojikiston bilan tovar aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish rejalari bilan bo‘lishdi. Shuningdek, ikki davlat biznes tuzilmalar va chegaraga yaqin hududlar o‘rtasida hamkorlik va kooperatsiyalarni kuchaytirishga, qurilish materiallari, tayyor tekstil mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalarni tezroq amalga oshirish bo‘yicha ham kelishib olgani haqida ma’lum qildi.

Emomali Rahmon ikki mamlakat o‘rtasida eksport-import operatsiyalari uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, hamkorlikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga katta e’tibor qaratilganini ta’kidlab o‘tdi. “Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya barcha yo‘nalishdagi hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilish bo‘yicha o‘ziga xos katalizator vazifasini o‘taydi, deb o‘ylayman”, deya ta’kidladi Tojikiston prezidenti.

Gaz va GESlar masalasi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida energetika sohasida sermahsul hamkorlik kuzatilmoqda.

O‘zbekistondan Tojikistonga tabiiy gaz yetkazib berish ishlari qayta tiklangan. O‘zbekiston Tojikistondan xarid qilinadigan elektr-manbai hajmini ko‘paytirgan. Ikki davlat transport va xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘z ijobiy pozitsiyalarini bildirganlar.

“Biz bugun, birgalikda, Tojikiston hududida, Zarafshon daryosi bo‘yida umumiy quvvati 320 MVt bo‘lgan ikkita GES qurishga tayyormiz. Gidroelektrostansiya qurilishi - bu juda jiddiy masala. Biz birinchi uchrashuvdayoq buni muhokama qilganmiz. Bugun esa, keling, istaklarimizni aniqlashtiraylik dedik. Emomali Sharifovich xalqaro standartlardan o‘tgan tayyor loyihalar borligini ta’kidladi, o‘ylaymanki, ushbu loyiha bizning hududiy hamkorligimizda o‘ta jiddiy masala bo‘ladi”, - dedi O‘zbekiston prezidenti OAV vakillari oldida qilgan bayonoti davomida.

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda, suv-energetika resurslaridan foydalanish masalasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirish lozim, deya qayd etishganini ta’kidlab o‘tdi.

“ ... Men bugun yana bir marta ta’kidlab o‘tmoqchiman, biz hech qachon qo‘shnilarimizni suvsiz qoldirmaganmiz va qoldirmaymiz. Aksincha, bugun biz shu narsaga kelishdik va tegishli idoralar va institutlarga Sarez ko‘lining suvini o‘rganishni boshlashlarini topshirdik va bizning mamlakatlarimiz va mintaqa bo‘yicha qo‘shni davlatlarning ichimlik suviga bo‘lgan zarurati masalasiga yechim topish uchun Sarez ko‘li suvidan qanday foydalansa bo‘ladi, degan masalani muhokama qildik”, - dedi Rahmon.

Tojikiston prezidenti fikriga ko‘ra, ushbu loyiha kelgusida mintaqa mamlakatlarini suv bilan ta’minlashga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shadi, deya umid bildirdi.

Afg‘oniston masalasi, terrorizm va diniy ekstremizm

Davlat rahbarlari bayonotida aytildiki, muzokaralar davomida terrorizm, diniy esktremiz, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va xalqaro xavfsizlikka tahdid masalalari ham muhokama qilindi.

“Afg‘oniston masalalarini jiddiy muhokama qildik. Nega deganda, Emomali Sharifovich katta tajribaga ega. U yerda nimalar bo‘layotganini biladi. Qolaversa, Afg‘oniston ayni vaqtda katta siyosiy o‘zgarishlar ostonasida turibdi - parlament va prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda” - deb ta’kidladi Mirziyoyev va chegara xavfsizligi masalasi ikkala davlat rahbarlarini ham juda qattiq o‘ylantirishini atdi.

Emomali Rahmon Mirziyoyevning gaplarini tasdiqlagan holda, tomonlar terrorizm, ekstremizm, terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va transmilliy uyushgan jinoyatchilik muammolariga qarshi kurash hamda harbiy va harbiy-texnik masalalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishlarini ta’kidlab o‘tdi.




Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “Tarixdagi inqilobiy yil”: Mirziyoyev va Rahmon nimalar haqida gaplashishdi?