12:55 / 06.09.2018
5 775

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi

Xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlimni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, oʻquvchilarning maʼnaviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini taʼminlash;

ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va masʼuliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yoʻnalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish;

rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yoʻli bilan xalq taʼlimi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish;

xalq taʼlimi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan, barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash, barcha foydalanishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish;

xalq taʼlimi muassasalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish;

zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yoʻli bilan umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim sohasida nodavlat xizmatlarni koʻrsatishga oid faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar tarmogʻini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish;

xalq taʼlimi tizimiga ilgʻor xorijiy tajribani, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan, taʼlim berishning innovatsion usullarini joriy etish, oʻquv va oʻquv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xalq taʼlimi tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi