Oʻzbekiston matbuoti erkin boʻlmagan davlatlar qatorida qolmoqda

  • O‘zbekiston
  • 14-09-2018, 00:38
  • 862
  • Ўзбекистон матбуоти эркин бўлмаган давлатлар қаторида қолмоқда
    “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti har yillik jahon davlatlarida matbuot erkinligi reytingini eʼlon qildi.

    Reyting natijalariga koʻra, Oʻzbekiston matbuoti 61.15 koʻrsatkich bilan 165-oʻrinda qolgan.

    “Chegara bilmas muxbirlar” mamlakatimizdagi soʻz erkinligi holatini “murakkab” deb baholamoqda. Oʻzbekiston reytingda oʻtgan yili 169-oʻrinni egallagandi, 2018 yil bahorida eʼlon qilingan reytingda 4 pogʻona koʻtarilish kuzatilgan va 165-oʻrin zabt etilgandi.

    Reytingda kuchli beshlikni Norvegiya, Shvetsiya, Niderlandiya, Finlandiya va Shveysariya zabt etgan. Reytingda oxirgi oʻrinlarda Turkmaniston, Eritreya va Shimoliy Koreya joylashgan.

    Matbuot erkinligi reytingi “mahalliy jurnalistlarning erkinlik darajasi”ga koʻra saralangan 180 ta davlat roʻyxatidan iborat.

    U turli davlatlardagi jurnalistlar, yuristlar va sotsiologlarning maxsus anketasiga berilgan javoblariga koʻra tuziladi. Anketa savollari jurnalistlar ishi bilan bogʻliq keng doirali mavzularni qamrab oladi — qonunchilik, oʻzini oʻzi senzura qilish, medianing erkinligi, fikrlar plyuralizmi, turli institutlar va idoralarning jurnalistlar bilan ishlashga tayyorligi va hokazo.

    Bundan tashqari, baholashda oʻldirilgan, qamoqqa tashlangan jurnalistlar soni, shuningdek jinoiy taʼqib qilinayotgan blogerlar va jurnalistlar assistentlari kabi ayrim qoʻshimcha mezonlar ham hisobga olinadi.

    Maʼlumot uchun, “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti 1985 yili Fransiyaning Monpelye shahrida tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi butun dunyodagi matbuot sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar va insonlar manfaatini himoya qilish hisoblanadi. Bosh ofisi Parijda joylashgan bu tashkilotning shiori “Erkin matbuotsiz biror toʻqnashuv va kurash haqida hech qachon bilib boʻlmaydi”.

    » » Oʻzbekiston matbuoti erkin boʻlmagan davlatlar qatorida qolmoqda
    Яндекс.Метрика