Un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlar bekor boʻlmoqda

  • 15-09-2018, 07:01
  • 2 109
  • O‘zbekiston
  • Un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlar bekor boʻlmoqda
    Non — rizq-roʻzimiz. Xalqimiz dasturxonidagi asosiy neʼmat ham non va non mahsulotlari hisoblanadi. Ana shular eʼtiboridan, uzoq yillardan buyon mamlakatimizda gʻalla mustaqilligiga erishish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari koʻzlangan qator chora-tadbirlar qoʻllanib kelinmoqda.

    Ayni paytda sobiq ittifoq davlatlari ichida non va unga eng arzon narx aynan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

    Lekin bundan gʻalla yetishtirayotgan fermer xoʻjaliklari hamda un ishlab chiqaruvchi va non yopuvchi korxonalar ham manfaatdormi? Aslo! Ular ulkan ziyon bilan ishlashmoqda.

    2017 yilda fermerlardan gʻallaning tonnasi 550 ming soʻmga xarid qilingan, holbuki bozorda gʻallaning bir tonnasi 1 mln 600 – 1 mln 800 ming soʻmga sotilgan.

    2014 yildan buyon qolipli nonga boʻlgan narxning bir maromda saqlab kelinayotgani oqibatida “Oʻzdonmahsulot” AK tasarrufidagi korxonalarning zarari 489 milliard soʻmni tashkil etgan.

    Hisob-kitoblarga koʻra, unga belgilangan ulgurji narx (1120 soʻm/kg) va qolipli nonga chakana narx (650 soʻm/dona) saqlanib qolinadigan boʻlsa “Oʻzdonmahsulot” AK korxonalarining zarari 2018 yakunlariga koʻra 868 milliard soʻmni tashkil etadi.

    Boz ustiga soha korxonalarining 2018 yil 1 iyun holatiga nisbatan qarzlari 2,7 trillion soʻmdan oshib ketgan.

    Davlatning narxlarni past darajada ushlab turishga boʻlgan saʼy-harakatlariga qaramasdan haqiqiy bozor narxlari tasdiqlangan narxlardan balandroq boʻlib turibdi.

    Masalan, respublika bozorlarida 1 navli mahalliy unning kilosi 1400-1600 soʻmga sotilmoqda. Qozogʻistonda ishlab chiqarilgan unning kilosi 2400-2600 soʻm. Bu holda unning tasdiqlangan bahosi 1120 soʻm/kg. Doʻkonlarning rastalarida davlat tomonidan tasdiqlangan narxdagi un deyarli sotilmayapti.

    Qolipli nonning 1 donasi uchun narx 650 soʻm qilib belgilangan esa-da, koʻplab hududlarda non 700 soʻmdan (Buxoro, Qarshi, Navoiy, Samarqand) 1000 soʻmgacha (Jizzax, Namangan, Termiz, Fargʻona) sotilmoqda.

    Shunday qilib, un va qolipli non uchun baho aksariyat hollarda bozor narxlarida shakllanmoqda, belgilangan va bozor narxi oʻrtasidagi farq esa ayrim “ishbilarmonlar”ning choʻntagini qappaytirmoqda.

    2017 yil yakunlariga koʻra un va non-boʻlka mahsulotlari (makaron, pechenye, shirinliklar va h.k.) ning isteʼmoli hajmi aholi jon boshiga 178 kg yoki 5,8 million tonnani tashkil etgan.

    Ushbu hajmning faqat 1,4 million tonnasi yoki 25 foizi “Oʻzdonmahsulot” AK korxonalari tomonidan belgilangan narxlarda ishlab chiqarilgan. Qolgan qismi (1,9 million tonnasi yoxud 32 foizi) xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan bozor narxlarida ishlab chiqarilgan va realizatsiya qilingan. Yana 2,5 million tonnasi yoki 43 foizi import qilingan.

    Umuman, qayd etmoq kerakki, ochiq bozor iqtisodiyoti (un va nonga boʻlgan isteʼmol talabining bir qismi mahsulotni import qilish evaziga qoplanadi, qolipli non ishlab chiqarish xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi, bozorda un va nonning narxi talab va taklif asosida oʻrnatiladi) sharoitida narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishi samarasiz hisoblanadi. Bu davlat mablagʻlarining oʻzlashtirilishiga olib keladi va korrupsiya uchun sharoit hozirlaydi.

    Bundan tashqari, narxlarni tartibga solish sharoitida aholining barcha qatlamlari: taʼminlanganlar ham, kam taʼminlanganlar ham past narxlarning benifitsiarlari boʻlishadi va aholining ijtimoiy himoya qilishning yoʻnalganligi yoʻqoladi, davlat mablagʻlaridan samarasiz foydalanish yuzaga chiqadi.

    Mana shular inobatga olinib, hamda davlat mablagʻlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish va ularning oʻgʻirlanishining oldini olish maqsadida un va non narxining davlat tomonidan tartibga solinishini bekor qilish taklif qilinmoqda.

    Bu holatda aholining kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga un va non xarid qilishlaridagi qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun manzilli subsidiyalar ajratish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

    Qayd etmoq joizki, un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlarning bekor qilinishi oqibatida ularning bozor narxlari oshishi kutilmayapti, chunki ular talab va taklif asosida allaqachon shakllanib boʻlgan.

    » » Un va nonga davlat tomonidan belgilangan narxlar bekor boʻlmoqda