“Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi

  • 12-10-2018, 18:10
  • 579
  • O‘zbekiston
  • “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi
    Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek «Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Xalq soʻzi” xabar bermoqda.
    Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 21 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentyabrda maʼqullangan.

    Hujjat bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi 924–XII-sonli qonunga quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritildi:

    1) 27-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

    «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi oʻrinbosari, rais oʻrinbosarlari – sudlov hayʼatlarining raislari:

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatidan tashqari barcha instansiya sudlarining hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari va qarorlari ustidan protest kiritadi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga sudlov hayʼatlarining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzalarni taqdim etadi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida raislik qiladi;

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida ishlarni koʻrib chiqish uchun sudlov tarkiblarini shakllantiradi;

    sud ishlarini nazorat tartibida tekshirish uchun talab qilib oladi;

    tegishli quyi sudlarning faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi;

    sud amaliyotini umumlashtirish, sud statistikasini tahlil qilish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;

    sudlar tomonidan chiqarilgan, oʻzlari protest kiritishga haqli boʻlgan hal qiluv qarorlari, hukmlar, ajrimlar va qarorlar ijrosini toʻxtatib turadi;

    sudyalar va sudning boshqa xodimlari malakasini oshirish ishini tashkil etadi;

    vazifalar taqsimotiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tarkibiy boʻlinmalari ishiga rahbarlik qiladi;

    fuqarolarni shaxsan qabul qiladi;

    qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi»;

    2) 34-modda:

    quyidagi mazmundagi beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirildi:

    «sud majlislarida raislik qiladi;

    tegishli quyi sudlarning faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi»;

    beshinchi – oʻn ikkinchi xatboshilari tegishincha yettinchi – oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

    3) 35-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “raislik qilishi mumkin” degan soʻzlar “raislik qiladi” degan soʻzlar bilan almashtirildi;

    4) 38-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

    “sud majlislarida raislik qiladi, sudyalar oʻrtasida ishlarni taqsimlaydi, shu jumladan avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taqsimlaydi”.

    » » “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi