17:41 / 14.10.2018
4 707

O‘zbekistonda «Aqlli shahar» Konsepsiyasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekistonda «Aqlli shahar» Konsepsiyasi muhokamaga qo‘yildi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Aqlli shahar» Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror loyihasi taqdim etildi.

«Mazkur Konsepsiyaning maqsadi - O‘zbekistonda turmush sifatini oshirish hamda hozirgi va kelajak avlodning iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy ehtiyojlarni qondirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan «Aqlli shahar» innovatsion texnologiyalarini tatbiq qilish yo‘li orqali joylarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsion infratuzilmalar loyihalarini yaratishga doir asosiy yo‘nalishlarni belgilab olish», - deyiladi hujjatda.

«Aqlli shahar» innovatsion texnologiyalarini tatbiq qilishdagi asosiy yo‘nalishlar quyidagilar:

«Aqlli transport» (Intellektual transport tizimi)

Intellektual transport tizimi - transport oqimi va yo‘l qoplamalari sifati nazoratini amalga oshiradi, ko‘chalardagi axborot panellari hamda foydalanuvchilarning smartfonlarida yo‘llardagi vaziyatni aks ettirish orqali transportlar harakatini optimallashtiradi, chorrahalarning yuklanish darajasiga qarab svetoforlarning ishlashini boshqaradi, jamoatchilik transportining joylashuv joyi va bekatga kelish vaqtini ko‘rsatadi, shuningdek tizim elektromobillar uchun zaryad stansiyalari infratuzilmasi, yo‘lga taxminan qancha vaqt ketishiga oid ma’lumotlar va ko‘plab boshqa foydali funksiyalarga ega.

«Elektron militsiya»

Elektron militsiya - «elektron militsiya» pultiga qo‘ng‘iroq qilinganda xaritada darhol qo‘ng‘iroq qiluvchining joylashuv manzili aks etadi, navbatchi monitorida esa xabarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, uni qayta ishlovchi va tezkor choralar ko‘ruvchi darcha ochiladi. Bunday tizim, birinchidan, biror murojaatni e’tiborsiz qoldirmaydi, ikkinchidan, yovuz niyatli chaqiriqlarga qarshi faol kurashadi.

Xavfsizlik quyi tizimi

Xavfsizlik quyi tizimi - videokuzatuv, videofiksatsiya va infratuzilma ob’ektlari jismoniy xavfsizligi ta’minoti tizimlari; favqulodda operativ xizmatlar chaqirig‘ini ta’minlash tizimlari; ogohlantirish tizimlari; xavfsizlik tizimlarini boshqaruvchi dasturiy-qurilmaviy kompleks.

Xususan, bu tizim elektron militsiya xizmati bilan birga ishlashga asoslangan, biroq u boshqa barcha favqulodda xizmatlar - tez tibbiy yordam, o‘t o‘chiruvchilar, gazchi va energetiklar bilan ham muvofiqlashadi. Buning uchun Yagona jamoa yoki vaziyat markazidan foydalaniladi.

Elektron ta’lim

Elektron ta’lim - odatiy «masofaviy ta’lim»dan ko‘proq funksiyalarni o‘z ichiga oladi va aholi (o‘quvchilar, talabalar, doktorantlar va b.)ga uydan chiqmagan holda ma’ruzalarni tinglashga yordam beradi. Aqlli shaharlar uchun ta’lim sohasidagi yangi texnologiyalar mazkur sohani rivojlantirishga oid asosiy tendensiyalar, onlayn- va oflayn-uslublar integratsiyasi, adaptiv va mobil ta’lim texnologiyalari rivoji kabilarni aks ettiruvchi innovatsion qarorlar to‘plamini o‘zida jamlaydi. Onlayn ta’lim platformalari va ommaviy ochiq onlayn kurslari, ilg‘or vizualizatsiya, to‘ldirilgan va virtual reallik texnologiyalari va boshqalardan iborat.

Yangi texnologiyalar ta’lim berilayotgan kishining ehtiyojlarini inobatga olish va personallashtirilgan ta’lim trayektoriyalarini yaratish, shuningdek zarur bilimlar ko‘lamini kengaytirish, ta’lim jarayonini vizuallashtirish va detallashtirish imkonini beradi. Bularning bari ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishga va kelgusida shahar ekotizimini rivojlantirishda bevosita ishtirok etishga olib keladi.

Elektron sog‘liqni saqlash tizimi

Elektron sog‘liqni saqlash tizimi barcha tibbiyot muassasalari yagona standartlar bo‘yicha ishlovchi markazlashtirilgan tizim sifatida tushuniladi. Bu tizim aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishdagi axborot ta’minotining to‘liq siklini (bemorning elektron tibbiy kartasi, elektron retseptlar, dispanserizatsiya, homiladorlarni ro‘yxatga olish va h.k.) avtomatlashtiradi.

Bundan tashqari, elektron sog‘liqni saqlash tizimi bemorlarning yagona elektron bazasini o‘z ichiga oladi. Bu baza yordamida shifokorlar aholi tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan taqdirda, tezkorlik bilan anamnez, ilgari olingan tahlillar natijalari, davolash muolajalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishadi.

Mavjudlik effektini hosil qiluvchi videokonferensiya tizimi mutaxassislar konsiliumini o‘tkazish, MRT va rentgenografiya natijalarini detallarda ko‘rib chiqish hamda operatsiyani masofadan yuqori malakali jarroh rahbarligi ostida bajarishga yordam beradi

Aqlli energetika

Aqlli energetika - bu avtomatlashtirilgan intellektual energiya tarmog‘i va moslashuvchan taqsimlash tizimi; intellektual hisoblash va talabni tartibga solish tizimi; qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq qilish; energosamarador binolar va inshootlar.

Suv ta’minoti

Suv ta’minoti va drenaj - onlayn gidravlik modellar bazasida suv ta’minotini boshqarish, avtomatlashtirilgan suv to‘sig‘i, drenaj va taqsimlash, xavfsizlik va nazorat tizimlarini integratsiya qilish, sel oqimlari va suv toshqinlaridan ogohlantirish tizimlarini boshqarish.

Aqlli uy-joy va kommunal xo‘jaligi

Aqlli uy-joy va kommunal xo‘jaligi — bu «Aqlli shahar» Konsepsiyasini rivojlantirish yo‘nalishlaridan biri. Mazkur yo‘nalishdagi tizimlarni qo‘llash spektriga binolar ishini nazorat qilish, issiqlik va konditsioner tizimlari faoliyatini avtomatik ravishda boshqarish, kun qismiga qarab ko‘cha va yo‘laklar yorug‘lik intensivligini tartibga solish, energoresurslarni hisoblash tizimlari, chiqindi baklarining samarali xizmat ko‘rsatishi kiradi.

Hujjat loyihasida barqaror innovatsion rivojlanish maqsadlaridagi Konsepsiyani amalga oshirishda alohida hududlarda to‘rt bosqichli modeldan foydalanish tavsiya qilinmoqda:

1-bosqich. Bazaviy liniyani aniqlash - hudud profilini shakllantirish, mavjud infratuzilmani baholash, rivojlanish indikatorlarini aniqlash, aktivlar, chaqiriqlar va muvaffaqiyat tarixlarini tahlil qilish.

2-bosqich. «Aqlli shahar» Konsepsiyasini tatbiq qilish strategiyasini ishlab chiqish - manfaatdor tomonlarni jalb qilish, chora-tadbirlar va rejalar yo‘nalishlarini aniqlash, xavf omillarini baholash, moliyaviy strategiyani shakllantirish, samaradorlik va maqsadlarning asosiy ko‘rsatkichlarini aniqlash.

3-bosqich. Batafsil rejalashtirish - byudjetlashtirish, samaradorlik prognozi, avtomatlashtirish va axborot tizimlarini tatbiq etish imkoniyatlarini aniqlash.

4-bosqich. Samaradorlikni tatbiq qilish va baholash - birgalikda tatbiq qilish (barcha manfaatdor tomonlar bilan birga), samaradorlik monitoringi, baholash va qayta baholash (KPI'ni kuzatish, trendlar va investitsion parametrlar tahlili), ekspansiyani ta’minlash.

Ta’kidlanishicha, «Aqlli shahar» konsepsiyasini amalga oshirish yakunlariga ko‘ra quyidagi natijalarga erishiladi:

- aholi jon boshiga korxonalar sonining oshishi va shahar aholisi (jumladan, yoshlar) orasida ishsizlik darajasining pasayishi;

- ta’limning barcha shakllari tatbiq etilishi va malaka oshirish (jumladan, Internet tarmog‘i orqali) hisobiga shahar aholisining bilim darajasi o‘sishi;

- innovatsion kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali aholining shahar xizmatlari va davlat organlari bilan o‘zaro aloqasini faollashtirish;

- aholi jon boshiga energiya sarfini pasaytirish va elektr energiya yetkazishdagi uzilishlar sonini qisqartirish;

- ichimlik suvi sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, suv yo‘qotish va suv ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish, suv tozalash sifatini oshirish va qattiq chiqindilar utilizatsiyasini yaxshilash;

- shahar aholisiga xizmat ko‘rsatishdagi xarajatlarni kamaytirish va aholining ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun qarzdorlikni qisqartirish;

- jamoatchilik transportining qamrov xususiyatini oshirish va YTHda halok bo‘luvchilar sonini qisqartirish;

- favqulodda vaziyatlar va qoidabuzarliklarda javob berish vaqtini qisqartirish, jinoyatchilik va jabrlanganlar sonini kamaytirish;

- boshpanasiz va belgilangan me’yorlardan past darajadagi sharoitlarda yashovchi kishilar sonini qisqartirish;

- yashil zonalar va ommaviy dam olish maydonlari ko‘lamini oshirish;

- atmosferadagi zararli moddalar va shovqin darajasini kamaytirish;

- aholi orasida tibbiy personal ulushi - hamyonboplik, tezkorlik va tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish hisobiga o‘rtacha umr ko‘rsatkichlarini oshirish.

Shuningdek O‘zbekistonda «Aqlli shahar» madaniyatini shakllantirish va aqlli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlanishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, ayni damda mazkur hujjat loyihasi muhokama bosqichida. Unga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi bilan bir qatorda bekor qilinishi ham mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda «Aqlli shahar» Konsepsiyasi muhokamaga qo‘yildi