12:43 / 21.10.2018
4 279

Meva-sabzavot eksportchilari uyushmasi tashkil etiladi

Meva-sabzavot eksportchilari uyushmasi tashkil etiladi
O‘zbekiston prezidentining 17 oktyabrdagi qarori bilan yuridik shaxslar — meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Bunda meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan eksportchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan to‘lov olish talablari ularga qo‘llangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladilar.

Tadbirkorlik sub’ektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga egadirlar. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlarning meva-sabzavot mahsulotlari eksport tushumlariga yagona soliq to‘lovi to‘lanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qo‘llaniladi.

Qaror bilan eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno. Bunda hujjatlarda mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek, tovarlarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish uchun eksport qiluvchi javobgardir.

Hujjat asosida tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha infratuzilma ob’ektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish Tashqi savdo vazirligiga yuklatildi. Shuningdek, vazirlikka salohiyatli hamkorlar izlash, an’anaviy va yangi sotish bozorlariga chiqish uchun imkoniyatlar yaratish, tashqi bozorlarda meva-sabzavot mahsulotlarining narx kon’yunkturasini tizimli asosda o‘rganish hamda asosiy sotish bozorlari bo‘yicha tahlil natijalari va prognozlarini e’lon qilish vazifalari topshirildi.

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2019 yil 1 martga qadar Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan TradeUzbekistan.com elektron savdo maydonchasi ishga tushirilida. Unda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar, salohiyatli import qiluvchilar, yangi uzilgan, quritilgan hamda qayta ishlangan eksportga yo‘naltirilgan meva-sabzavot mahsulotlari turlari va hajmlari, meva-sabzavot mahsulotlari uchun ko‘chatlar, urug‘lar hamda o‘g‘it yetkazib beruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks etadi.

Keyingi yil boshiga qadar Global GAP, Halal va Organic standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish bo‘yicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish topshirildi. Xalqaro standartlar talablariga muvofiq bo‘lgan organik va boshqa mahsulotlarni yetishtirish rejalashtirilmoqda.

Kelgusi yildan mamlakatning chegara hududlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari uchun zamonaviy ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmalar, shuningdek, «yagona darcha» tamoyili asosida zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va logistika xizmatlari mavjud bo‘lgan maxsus zonalarni tuziladi.

Bosh prokuraturaga Adliya vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zagroeksport» faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqib, uning faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Meva-sabzavot eksportchilari uyushmasi tashkil etiladi