23:55 / 18.10.2018
4 053

O‘zbekiston-Rossiya: Vladimir Putinning tashrifidan nimalar kutilmoqda?

O‘zbekiston-Rossiya: Vladimir Putinning tashrifidan nimalar kutilmoqda?
18-19 oktyabr kunlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi. Tashrif doirasida qator hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

«Keyingi haftada O‘zbekistonga amalga oshiriladigan tashrif davomida Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazamiz. Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, hukumatlararo va tijoriy hujjatlar paketi imzolanadi», degandi Vladimir Putin elchilardan ishonch yorliqlari qabul qilib olish marosimi chog‘ida.

Rossiya prezidenti O‘zbekiston Rossiyaning strategik hamkori va ittifoqchisi ekanini qayd etgan hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnik, madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama aloqalar rivojlanib borayotganligini e’tirof etgandi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish va faoliyatini ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuv, «Suffa» xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» va boshqa muhim ikki tomonlama hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.

Shuningdek, Putin Mirziyoyev bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumida ishtirok etishni, shuningdek, «Rosatom» tomonidan O‘zbekistondagi birinchi AES qurilishiga start berishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik holati yuzasidan fikr almashadi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, turli sohalarda yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif kun tartibidan dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga ko‘maklashish masalalari ham o‘rin olgan.

Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” o‘tkazilmoqda.

Xalqaro forumda ikki davlat prezidentlari administratsiyalari, hukumat rahbarlari, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri va Rossiya Federatsiyasini ta’lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80dan ortiq nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etmoqda.

Mazkur nufuzli anjumanda Rossiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma diplomlar «Double degree» dasturlari asosida talabalarni o‘qitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratiladi.

Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 100 dan ortiq shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Forum yakunlariga ko‘ra, quyidagilar rejalashtirilmoqda: O‘zbekistonda Rossiya oliygohlari filiallarini ochish, akademik almashuvni kengaytirish, qo‘shma ilmiy va innovatsion forumlar o‘tkazish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, OTMlar o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikni kengaytirish.

Tashrif davomida, shuningdek, O‘zbekiston bilan Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida yirik investitsiya va savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida 20 milliard dollarlik hujjatlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston-Rossiya: Vladimir Putinning tashrifidan nimalar kutilmoqda?