12:05 / 24.10.2018
4 702

O‘zbekistonda yangi vazirlik tashkil etiladi

O‘zbekistonda yangi vazirlik tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Komissiya (A.N.Aripov) 2018 yil 15 dekabrga qadar, respublikaning yoqilg‘i-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bilan bog‘liq barcha kompleks masalalarni yuklagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Farmoni loyihasini kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi “O‘zbekenergo” AJ va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019 yildan boshlab:

Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida quvvati 100 mVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tajriba loyihasini tanlov asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda mamlakatning issiqlik elektr stansiyalaridan birida bug‘-gaz qurilmasini qurish, shuningdek, Andijon, Namangan, Farg‘ona shaharlaridagi elektr energiyasi tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish tajriba loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “Toshkent shahridagi tarqatish tarmoqlarini uzoq muddatli ijaraga berish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy parametrlarini ishlab chiqishni boshlashni ta’minlaydi.

Belgilanishicha, “O‘zbekgidroenergo” AJ gidroelektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun to‘lov iste’molchilar – jismoniy shaxslar uchun yakuniy tarifning 85 foizi miqdorida shakllanadigan tarif bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJning:

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining “O‘zbekenergo” AJ loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarini, tegishlicha yakuniy to‘lovlar muddatini uzaytirish va qayta moliyalashtiruvchi banklarning majburiyatlarini restrukturizatsiya qilish bilan birga 3 yilga uzaytirish;

“Chorvoq GES gidrogeneratorlarini ularning ishchi g‘ildiraklarini almashtirish bilan birga modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun “O‘zbekenergo” AJga berilgan kreditni “O‘zbekgidroenergo” AJga qayta rasmiylashtirish haqidagi takliflari ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘zbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasida “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” (Rossiya Federatsiyasi) Federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil qilish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

energetika tarmog‘iga yuqori malakali menejerlarni yollash uchun kadrlarni tanlash bilan professional asosda shug‘ullanadigan tashkilotlarni jalb qilish choralarini ko‘radi;

Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini yagona energetika tizimiga ulash tartibini takomillashtirish va loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritadi.

“O‘zbekenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

2019 yil 1 aprelga qadar elektr energiyasi, shu jumladan, muqobil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini yagona energetika tizimiga ulash reglamentini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda yangi vazirlik tashkil etiladi