13:20 / 24.10.2018
4 913

Prezident elektr energetikasi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi

Prezident elektr energetikasi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va iste’molini nazorat qilishni takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” quyidagilarni nazarda tutgan holda tasdiqlandi:

mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish bo‘yicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSh dollari bo‘lgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish;

jalb qilinadigan kreditlar va “O‘zbekenergo” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr bo‘lgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini o‘rnatish va modernizatsiya qilish;

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi o‘rinlarda – EEHO va NQAT) 7 million iste’molchilarni ulash, 2021 yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkazish;

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan kelishilgan, umumiy qiymati 1,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlarni o‘zlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini qat’iy nazoratga olish;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodovga – xalqaro moliya institutlari va tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash, shuningdek, salohiyatli investorlarni izlash va investorlarga, shu jumladan, ishonchli boshqaruvga beriladigan ob’ektlarni aniqlagan holda elektr energetikasi tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorovga – elektr energetikasi tarmog‘ida loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish mexanizmlarining sifatli ishlab chiqilishini ta’minlash;

“O‘zbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyevga –loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, mazkur qarorda belgilangan ob’ektlarni qurish va foydalanishga topshirishni ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablag‘larining 100 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan qismini 2019-2020 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilishini ta’minlaydi.

Qayd etilishicha, prezidentning 2012 yil 14 fevraldagi PQ-1705-son va 2012 yil 2 avgustdagi PQ-1795-son qarorlariga muvofiq “Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. O‘zbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari 0,4 kVtli iste’molchilarining elektr energiyasi iste’molini hisobga olish tizimi” loyihasi (keyingi o‘rinlarda – ASKUE 1-faza) Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va “O‘zbekenergo” AJning quyidagi takliflariga rozilik berildi:

a) “Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE 4-faza) joriy etish” loyihasini amalga oshirish uchun ko‘zda tutilgan Osiyo taraqqiyot bankining 300 million AQSh dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari hisobiga respublikaning boshqa hududlarida EEHO va NQATni joriy etish loyihasini amalga oshirish;

b) Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobiga ASKUE 1-faza loyihasini amalga oshirish doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan EEHO va NQAT ma’lumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender natijalariga ko‘ra aniqlangan pudratchi – kompaniya bilan;

Respublikaning barcha hududlarida EEHO va NQATni joriy etish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun xalqaro tanlov savdolarini o‘tkazish yuzasidan tender hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha «CESI S.P.A/AF Mercados Energy Markets International S.A/Sharifa.com» (Italiya/Ispaniya/O‘zbekiston) konsalting kompaniyalarining konsorsiumi bilan qo‘shimcha bitimlar tuzish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (Sh.A.Vafoyev)ga quyidagilarni muvofiqlashtirish uchun javobgarlik yuklandi:

xarid qilish jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirok etishini, mamlakat hududida EEHO va NQAT va hisoblash qurilmalariga xizmat ko‘rsatish servis markazlarini yaratishni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini hisobga olgan holda EEHO va NQATni joriy qilish uchun zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish;

Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari hisobiga 2021 yil 1 dekabrga qadar respublikaning barcha hududlarida EEHO v NQATni joriy etishni yakunlashbo‘yicha zamonaviy hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olish yuzasidan xalqaro tender savdolarining o‘tkazilishini jadallashtirish.

Majburiy ijro byurosi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olgan holda, elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qo‘shimcha asbob-uskunalarni sotib olishni parallel moliyalashtirish maqsadida 2019-2021 yillar davomida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasidan har yili 400 milliard so‘m miqdorida soliqqa tortilmaydigan mablag‘larni “O‘zbekenergo” AJga beg‘araz ravishda ajratilishini ta’minlanadi.

Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha Komissiya tuziladi, unga Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki guruhi bilan birgalikda:

a) ishlab chiqarish quvvatlarini 2030 yilgacha 20 ming mVtga yetkazgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019 yil 1 mayga qadar ishlab chiqish;

b) 2019 yil 1 martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning to‘liq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida keng jalb qilishni,shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozorini bosqichma-bosqich tashkil etishni nazarda tutgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish;

v) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida idoralararo tarif komissiyasini tashkil etishni nazarda tutgan holda, 2019 yil 1 aprelga qadar elektr energetikasi tarmog‘iga xususiy sektorni jalb qilishni rag‘batlantiruvchi,elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash;

g) 2019 yilda elektr energetikasi tarmog‘i korxonalarida korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etishni ta’minlash, shuningdek, tarmoq korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish;

d) 2018 yil 1 dekabrga qadar elektr energetikasi tarmog‘ida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash;

ye) mavjud resurs bazasi, zamonaviy texnologik tendensiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni inobatga olgan holda, elektr energetikasi tarmog‘ida salohiyatli investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish vazifasi yuklanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident elektr energetikasi bo‘yicha yangi qarorni imzoladi