21:25 / 15.11.2018
13 213

Ertadan yangi narxlar: Benzin, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va boshqalar

Ertadan yangi narxlar: Benzin, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va boshqalar
O‘zbekiston hukumatining 1 noyabr kungi «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, 16 noyabr kunidan benzin, dizel yoqilg‘isi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun narxlar oshadi.

Benzin va dizel yoqilg‘isi
Qarorga muvofiq, 2018 yil 16 noyabrdan iste’mol solig‘ini hisobga olgan holda avtobenzin va dizel yoqilg‘isi chakana narxlari quyidagicha belgilangan:
  • Ai-80 avtobenzinga – 4 000 so‘m/litr;
  • Ai-91 avtobenzinga – 4 500 so‘m/litr;
  • dizel yoqilg‘isiga – 4 800 so‘m/litr;
  • EKO dizel yoqilg‘isiga – 4 900 so‘m/litr.

Elektr energiyasi

Yangi preyskurantga ko‘ra, 16 noyabrdan elektr energiyasining 1 kilovatti 250 so‘mgacha (hozir 228 so‘m 60 tiyin) oshadi. 2019 yilning 1 iyunidan esa yana bir marta — 280 so‘mgacha o‘sadi.

Qayd etish kerakki, bu joriy yil davomida elektr energiyasi uchun narx ikkinchi marta oshishidir. 2018 yilning 1 aprelida ham narx 204,3 so‘mdan 228,6 so‘mga oshgandi.

Tabiiy gaz va suyultirilgan gaz

O‘zbekistonda 16 noyabrdan tabiiy va suyultirilgan gaz ham qimmatlashadi. Unga ko‘ra, aholiga maishiy ehtiyojlar uchun, gaz hisoblagichlar mavjud bo‘lganda tabiiy gazning 1 kubometri 320 so‘m bo‘ladi. 2019 yilning 1 iyunidan esa yana bir marta — 350 so‘mgacha o‘sadi.

Suyultirilgan gaz, aholining maishiy ehtiyojlari uchun 16 noyabrdan 950 so‘mga, 2019 yilning 1 iyunidan esa yana bir marta — 1200 so‘mgacha o‘sadi.

Issiq suv va issiqlik ta’minoti

O‘zbekistonda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflari ham oshiriladi. Hukumat qarorida 16 noyabrdan boshlab issiqlik energiyasi tariflarini aholi uchun ko‘pi bilan 10 foizgacha oshirish va boshqa iste’molchilar uchun tannarxdan kelib chiqqan holda o‘rnatish belgilangan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda Toshkent aholisi, hisoblagich bo‘lgan holatda issiq suvning bir kubometri uchun 4332 so‘m va hisoblagich bo‘lmasa, har bir odam uchun oyiga 16 917,49 so‘m to‘laydi.

Markaziy isitish uchun esa isitilayotgan maydonning har bir kvadrat metri uchun 1464,53 so‘m to‘lanadi.

Qo‘shimcha ma’lumot

2019 yilning 1 yanvaridan boshlab Toshkent shahrining Yunusobod tumanida eksperiment tariqasida quyidagilar joriy etiladi:
  • aholi iste’moli uchun elektr energiyasi bazaviy normasi oyiga bir abonentga 300 kVt.soat;

aholi iste’moli uchun tabiiy gazning bazaviy normasi:
  • isitish mavsumi davrida yakka tartibda isitiladigan uylar va kvartiralarda yashaydigan bir abonentga oyiga 1000 kub.m;
  • boshqa holatlarda bir abonentga oyiga 250 kub.m.

Bunda aholi bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarni amalga oshirganda:
  • bazaviy norma doirasida – belgilangan tarif bo‘yicha;
  • bazaviy normadan ortgan qismi uchun – belgilangan tarifga 1,2 baravar oshirilgan koeffitsiyent qo‘llaniladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ertadan yangi narxlar: Benzin, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va boshqalar