01:46 / 18.11.2018
5 025

Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovg‘asi topshirildi (foto)

Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovg‘asi topshirildi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan “Tashabbus-2018“ respublika ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir poytaxtimizdagi “Navro‘z“ majmuasida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston Respublika Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga turli vazirlik va idoralar mutasaddilari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari, ishbilarmonu hunarmandlar, fermerlar taklif etildi.

Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayev va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan tizimli sa’y-harakatlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, tadbirkorlarning huquqiy manfaatlarini himoyalashga, ularning erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishiga imkon yaratayotganini ta’kidladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, barqaror daromad manbalarini yaratish, milliy iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shish, hayotimiz farovonligi, dasturxonlarimiz barakasini ta’minlashning muhim omiliga aylanib bormoqda. Shu ma’noda Prezidentimiz sovrini uchun “Tashabbus“ ko‘rik-tanlovi tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida 23 yildan buyon muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinayotgan yagona tanlov ekani bilan ajralib turadi.

Ayni paytda O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Respublika “Hunarmand“ uyushmasi, Yoshlar ittifoqi, boshqa qator vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkazilayotgan mazkur ma’rifiy loyiha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, ishbilarmon doira vakillari erishayotgan yutuqlarni targ‘ib etishga, yoshlarda mulkdor bo‘lish hissini kuchaytirishga, tadbirkorlarning imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Tanlovning ilk bosqichida olti mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan bo‘lsa, hududiy bosqichlarda 915 nafar tadbirkorlik sub’ektlari mutasaddilari o‘zaro kuch sinashdi. Loyihaning final bosqichgacha esa 69 nafar ishtirokchi etib keldi.

Jonona Obloqulova yosh bo‘lishiga qaramay, Toshkent viloyatida “Skazochniy mir“ xususiy maktabgacha ta’lim maskanini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Bu yerda bolalarga “Ilk qadam“ o‘quv-ma’rifiy dasturi asosida o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish bilan birga, yigirmaga yaqin to‘garaklarda mashg‘ulotlar o‘tiladi.

– Bugun astoydil ishlayman, yurt ravnaqiga hissa qo‘shman, degan inson borki, barining ezgu orzu-intilishlari ro‘yobga chiqmoqda, – deydi J.Obloqulova. – “Tashabbus“ ko‘rik-tanlovida yosh tadbirkorlarga ham o‘z salohiyatini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganidan g‘oyat mamnunmiz.

Akmal Ahmedov – Samarqand viloyatidagi “Sam – Ferre“ mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari. 2012 yilda tashkil etilgan mazkur korxona o‘z faoliyatini dastlab 15 nafar ishchi bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda ishchilar soni 82 nafarga yetdi. Bankdan kredit olmay, o‘z mablag‘i asosida ishni tashkil etgan tadbirkorning sa’y-harakatlari bilan endilikda korxonada 50 ga yaqin turdagi mahsulotlar – gaz plitasi, temir eshiklar, maishiy va savdo muzlatkichlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. A.Ahmedovning aytishicha, tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik “Tashabbus“ ko‘rik-tanlovi misolida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Mazkur ko‘rik-tanlov joriy yilda yangicha formatda o‘tkazilgani e’tiborga molik. Uning asosiy uchta - “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi fermeri“, “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyalari qatoriga yana ikkita yangi – “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“, “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyalari ham qo‘shildi. Demakki, asosiy nominatsiyalar beshta etib belgilandi. Bu esa, o‘z navbatida, barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada kengroq imkoniyatlarni ochib berishi shubhasiz.

Tadbirning eng hayajonli onlari boshlandi. Hakamlar hay’atining yakdil xulosasiga ko‘ra, “Sanoat sohasidagi yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasi bo‘yicha Namangan viloyatidagi “Namangan momiq sochiqlari“ mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari G‘iyosiddin Boboxonov birinchi o‘ringa munosib topildi. “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasi Farg‘ona viloyatidagi “Fargona tibbiy diagnostika“ mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumalik Ergashevga nasib etdi. “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“ nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa Toshkent shahridagi “Azr-Textile Group“ mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Azizjon Zoirov loyiq topildi. Samarqandlik yog‘och o‘ymakorligi sohasi bo‘yicha hunarmand Mansur Asadov “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Xorazmlik “Yo‘ldosh Majid“ fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘ldosh Iskandarov “Yilning eng yaxshi fermeri“ nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari – “Chevrolet-Spark“ avtomobillari, “Tashabbus-2018“ ko‘rik-tanlovining maxsus statuetkasi, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Tadbirkoru hunarmandlarga bu qadar katta e’tibor dunyoning hech qaysi davlatida uchramaydi, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyasi g‘olibi Mansur Asadov. – Prezidentimizning yurtimiz usta-hunarmandlariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligini doimiy his etib mehnat qilmoqdamiz. Bu rag‘bat yanada ko‘proq izlanishga, bildirilgan yuksak ishonchga munosib bo‘lishga undaydi.

Marosimda shuningdek, asosiy nominatsiyalar bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari, “Eng yaxshi innovatsion loyiha“, “Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor“, “Eng yaxshi tadbirkor ayol“, “Mening yurtim – mening iftixorim“, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi“, “Eng yaxshi eksportchi“, “Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik“ kabi o‘nlab rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar aniqlandi.

San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi katta konsert dasturi ko‘rik-tanlov taqdirlash marosimining ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yilning eng yaxshi ishbilarmonlariga Prezident sovg‘asi topshirildi (foto)