15:00 / 20.11.2018
4 401

O‘zbekistonda «Ayollar tadbirkorligi» haftaligi boshlandi

O‘zbekistonda «Ayollar tadbirkorligi» haftaligi boshlandi
O‘zbekistonda "Ayollar tadbirkorligi" haftaligiga start berildi, deb yozmoqda O‘zA.

Haftalik oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida "Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi tomonidan Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan bu haftalikning qiziqarli va rang-barang loyihalari butun mamlakatni qamrab olishi bilan ahamiyatli bo‘lishi ta’kidlandi.

Bir hafta davomida ayollar biznesining eng tajribali vakillari va sohaga endigina kirib kelayotgan xotin-qizlar mamlakat miqyosida o‘tkaziladigan ko‘plab tadbirlarda ishtirok etadi. Anjuman, mahorat saboqlari, jonli muloqot tarzida o‘tadigan mazkur tadbirlarda ayollarning biznesga doir muvaffaqiyati ommalashtirilib, yurtimizda ayollar tadbirkorligi muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari atroflicha muhokama etiladi.

"Tadbirkor ayol" O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulnora Mahmudovaning aytishicha, «Innovatsiyalar va investitsiyalar mahalliy va tashqi bozorlarda ayollar tadbirkorligi rivojining samarali omili« mavzusi bu yilgi haftalikning asosiy mazmunini tashkil etadi. Mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish, sanoat va qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, mintaqaviy va jahon bozorlariga chiqish bo‘yicha ayollar tadbirkorligiga oid dolzarb masalalarni tahlil qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkor ayollarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratiladi.

Ayni paytda ushbu loyiha xotin-qizlarning biznes bo‘yicha ta’lim olishiga imkoniyatlar yaratish, ularni moliyaviy manbalardan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatish, o‘zaro tajriba almashish, "Usta-shogird" an’analari bardavomligini ta’minlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish orqali ayollar tadbirkorligi harakatini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini beradi.

Haftalik doirasida mamlakatning barcha hududlarida "biznes malika"lar ishtirokida sport marafoni tashkil etiladi, ayollar tadbirkorligi bo‘yicha duch kelinayotgan kamchiliklarga oid ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Mahalliy va xorijlik mohir ekspertlar ishtirokida "Aqlli tekstil", "Qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlar", "Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish", "Ishlab chiqarishga yuqori texnologiyalarni qo‘llash" kabi mavzularda seminar-mashg‘ulotlar, mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.

"Anor — 2018" tadbirkor ayollar ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichida esa eng ilg‘or tadbirkor ayollar "Eng yaxshi tadbirkor ayol", "Eng yaxshi fermer ayol", "Eng yaxshi servis xizmati" kabi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda «Ayollar tadbirkorligi» haftaligi boshlandi