Shavkat Mirziyoyev: "2-3 yildan keyin davlat paxta bilan shug‘ullanmaydi" (video)

  • 1-12-2018, 22:43
  • 2 466
  • O‘zbekiston
  • Shavkat Mirziyoyev: "2-3 yildan keyin davlat paxta bilan shug‘ullanmaydi" (video)
    O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-30 noyabr kunlarida Xorazm viloyatida bo‘lib, hududdagi bunyodkorlik ishlari, sanoat korxonalari faoliyati, transport va turizm infratuzilmasi, ta’lim va madaniyat muassasalari bilan tanishdi.

    Prezident viloyatga tashrif davomida yana bir bor paxta yetishtirish to‘liq klasterlarga topshirilishi haqida gapirdi.
    [media=https://www.facebook.com/plugins/video.php?href=https%3A%2F%2Fwww.facebook.com%2Fkunuznews%2Fvideos%2F321046965394494%2F&show_text=0&width=560]
    «Baribir paxtani manfaatdor klasterlarga beraman. Ikki-uch yilda davlat paxta bilan shug‘ullanmaydigan bo‘ladi. Paxta daromad keltira boshlaydi», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati.

    Eslatib o‘tamiz, prezident shu yilning sentyabrida paxta-to‘qimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan, unda O‘zbekistondagi paxta yetishtiruvchi tumanlarning yarmidan ortig‘i to‘liq klaster tizimiga o‘tishi ma’lum qilingandi.

    Prezident shu yilning mayida majburiy mehnatga qarshi gapira turib, agar klaster tizimiga o‘tilsa, hosilni yig‘ib olishni har bir klaster o‘zi mustaqil amalga oshirishi, bu orqali o‘z-o‘zidan majburiy mehnatga barham berilishi haqida aytgandi.

    Shu yilning iyulida esa prezident Toshkent viloyati hokimidan bu yili tajriba sifatida ochilgan klasterlar haqida hisobot so‘ragandi.

    «Egasi bor endi, ertaga paxta terimida egasi bo‘ladi. Hozirdan terimni o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, joy joyiga qo‘yish kerak. Bilib qo‘yinglar, endi maktab, kollej, shifoxona, oliygoh, hech qaysi paxta terimiga chiqmaydi.

    Menga kerakmas, unaqa paxtayam, unaqa yutuqlaring ham kerakmas. Butun umr o‘z-o‘zimizni sharmanda qilib keldik. Bor yo‘g‘i bir milliard ikki yuz million dollar bo‘ladigan narsa uchun butun dunyoga sharmanda bo‘lganmiz. Bolalar mehnati, majburiy mehnat. Kimga kerak edi bu? Menga umuman kerak emas, dalada qolib ketsin edi undan ko‘ra. Klaster o‘zi terib olsin, o‘zi sotsin», degandi prezident.

    » » Shavkat Mirziyoyev: "2-3 yildan keyin davlat paxta bilan shug‘ullanmaydi" (video)