Internet rostdan ham 10 marta tezlashdimi? Maxsus so‘rovnoma natijasi (foto, video)

  • 8-12-2018, 20:09
  • 2 111
  • O‘zbekiston
  • Internet rostdan ham 10 marta tezlashdimi? Maxsus so‘rovnoma natijasi (foto, video)
    «O‘zbektelekom» va umuman, soha mutasaddilarining O‘zbekistonda internet ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlari yaxshi qarshilanmadi. Va’daga muvofiq, internet tezligi 10 baravar tezlashishi xalq intiqib kutgan o‘zgarishlardan biri bo‘lishi lozim edi. Amalda nimalar yuz bermoqda?

    30 noyabr kuni «O‘zekspomarkaz»da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «O‘zbektelekom» AK tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshirig‘i bo‘yicha AKT sohasida topshiriqlarni amalga oshirish ketma-ketligi» hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi.

    «O‘zbektelekom» AK tomonidan «Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish» loyihasi doirasida Xalqaro paketli kommutatsiya markazi komplekslari modernizatsiya qilindi va shundan keyin XPKM komplekslarining umumiy o‘tkazish qobiliyati 10 marta: o‘zgartirilgan trafigi 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha o‘sdi. Kompaniya tarif rejalarda e’lon qilingan tezlikni kafolatlab, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab yangi kafolatlangan cheksiz tarif rejalarini ishga tushirishini aytgandi.

    Video: Tasi-IX
    Video: You Tube

    Kun.uz'ning Telegram-kanalida o‘tkazilgan va 28 mingga yaqin kishi ovoz bergan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 74 foizi (20 mingdan ortiq kishi) internet tezligida o‘zgarishni umuman his etmaganini bildirgan, faqat 3 foizi (723 kishi) jiddiy va ijobiy o‘zgarish yuz berganiga ishonishini aytgan, 10 foiz respondent (3 ming) esa qanchadir miqdorda sifat oshganini e’tirof etgan.​

    Toshkent shahrida Internet qoplamasi hududlarga nisbatan ancha yuqori va sifatli bo‘lishini inobatga olib, Kun.uz so‘rovnomasini poytaxt ko‘chalarida ham davom etirdik.

    «Men his etmadim, to‘g‘risini aytaman», - deydi respondentlardan biri.

    So‘rovnoma ishtirokchilardan biri aksiga olib ijtimoiy tarmoqlardagi uzilishni davomiy bo‘lib qolganini eslagan.

    «Juda ham katta tezlik va’da qilishgandi. Ammo bu tezlikni faqat tushimizda ko‘ramiz. Uxlayotganimizda ishlayaptimi, bilmayman», - deydi boshqa shaxs.

    Ayrim respondentlar sezilarli bo‘lmas-da, tezlikning oshganini aytishmoqda. Ularga ko‘ra, bu o‘zgarish avvalgi tezlikdan 10 foiz darajada farqlanadi.

    «O‘zbektelekom»​ning bu masaladagi javobi juda jo‘n va sodda bo‘ldi. Unga ko‘ra, tezlik masalasi muayyan provayder yoki operator tarmog‘ining texnologiyalari va texnik imkoniyatlariga bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston ichidan «olam»ga ulanishda tezlik oshgan, endigi masala - uni «hazm» qilib olish. ​

    » » Internet rostdan ham 10 marta tezlashdimi? Maxsus so‘rovnoma natijasi (foto, video)