17:30 / 11.12.2018
4 239

Prezident inson huquqlariga oid yangi qarorni imzoladi

Prezident inson huquqlariga oid yangi qarorni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 10 dekabr kuni “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar qabul qilindi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilishning ta’sirchan mexanizmlari ishlab chiqildi, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson huquq va erkinliklarini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro norma va standartlarni samarali amalga oshirish zaruratini tug‘dirmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati samaradorligini oshirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishning ta’sirchan tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:

1. Belgilansinki:

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi;

Markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi;

Markaz har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;

Markaz davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarning faoliyatiga inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari bo‘yicha ko‘maklashadi;

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:

inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish;

inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatinio‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma’ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish;

normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish;

inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish.

3. Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishda faol va bevosita ishtirok etish, idoralararo hamkorlik qilish inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari, shu jumladan, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilansin.

4. Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishga aloqador vazirliklar, idoralar, boshqa davlat organlari Markaz bilan doimiy hamkorlik qilish, uning so‘roviga ko‘ra inson huquqlari sohasida tegishli axborot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish uchun mas’ul tuzilmalar va mansabdor shaxslarni belgilasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga:

Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasiningxalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalar loyihalarining muhokamalarini o‘zlarining qo‘mita va komissiyalarida o‘tkazish;

Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasiningxalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalarniBirlashgan Millatlar Tashkilotining ustav va shartnomaviy organlarida ko‘rib chiqish yakunlarini zaruratga qarab eshitish;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) tasdiqlash tavsiya qilinsin.

Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya qilish va ularni cheklash masalalari bo‘yicha qonun loyihalari Markaz bilan majburiy ravishda kelishiladi.

6. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari va boshqa tashkilotlar bilan memorandumlar, o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro forumlarda muntazam ishtirok etishni nazarda tutuvchi Markazning xalqaro hamkorligini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqsin.

7. Quyidagilar:

boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 35 nafar kishidan iborat Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yangilangan tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

Markaz xodimlarining mehnatiga Yagona tarif setkasi bo‘yicha haq to‘lash razryadlari 3-ilovaga muvofiq;

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Belgilansinki:

Markazni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor boshqaradi;

Markaz direktori uning taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan ikkita o‘rinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega;

Markaz direktori maqomi, tibbiy va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha vazirga, direktorning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, direktor o‘rinbosari vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

Markaz xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan maxsus unvon – martaba darajalari beriladi hamda martaba darajalari uchun ustama va ko‘p yillik xizmatlari uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi;

Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Markaz xodimlari lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

9. Markaz direktoriga:

zarur hollarda, Markaz tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining umumiy belgilangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish;

Markaz zimmasiga yuklangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida maslahatchi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, ilmiy-tadqiqot muassasalarining yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, belgilangan tartibda xalqaro va xorijiy tashkilotlar ekspertlarini jalb etish huquqi berilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

respublika byudjetidan Markaz xodimlari lavozim maoshi miqdorining oshishi, ularga ustama va qo‘shimcha haqlar to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur miqdorda mablag‘ ajratsin;

2019 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Markaz xodimlarining ish haqi fondini oshirilgan miqdorda moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin;

Markazga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra moddiy-texnik bazasini shakllantirishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olish hamda ma’muriy binoni ta’mirlash uchun mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;

Markazga xizmat ko‘rsatish uchun uchta shaxsan biriktirilgan va bitta navbatchi avtomobilni ta’minlab turish uchun zarur limitlar ajratsin.

11. Markaz Toshkent shahar, Islom Karimov ko‘chasi, 15-uyga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi belgilangan tartibda Markazni aloqaning zarur vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan hamda butunjahon Internet axborot tarmog‘idan keng polosali foydalanishni ta’minlashga ko‘maklashsin, shuningdek, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda videokonferensiyalar, internet-forumlar va teleko‘priklar o‘tkazishda zarur texnik yordam ko‘rsatsin.

13. Markaz:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudining statistik axborotlari majburiy jo‘natmalar reyestriga;

Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilsin.

14. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlari qabul qilgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident inson huquqlariga oid yangi qarorni imzoladi