00:07 / 22.12.2018
5 064

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun yangilanadi

«Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun yangilanadi
Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida ushbu hujjatning yangi tahriri loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan. 2019 yil 3 yanvargacha muhokamada ishtirok etish, fikr-mulohaza va takliflarni bildirish mumkin.

Norma’ning yozishicha, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonun 2004 yilda qabul qilingan. 11 yil o‘tgach, 2015 yilda uning yangi tahriri tasdiqlangan, u ayni paytgacha amal qilib kelmoqda. 2018–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish dasturida ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, xususan, Qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Amaldagi hujjatga tayangan holda, loyihada boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim qoidalari jamlangan. Masalan, Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari, Shartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo‘llash va elektron hujjatlarni hamda elektron tijoratda qo‘llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom, Dasturiy mahsulotlar va axborot mahsulotlaridan foydalanish huquqini amalga oshirish hamda rasmiylashtirishning bojxona rasmiylashtiruvi (deklaratsiyalash) va buxgalterlik hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom va boshqalarni tilga olish mumkin.

Natijada Qonun bilan tartibga solinadigan mexanizmlar qamrovi kengaygan, loyihada ular juda batafsil aks ettirilgan. Hujjatning amaldagi va taqdim etilgan tahriri solishtirma tahlili quyidagilarni ko‘rsatdi:

birinchidan, Qonunga juda keng tushunchalar apparati kiritilmoqda. Bazaviy atamalar bilan bir qatorda, unga raqamli mahsulotlar, ularni import va eksport qilish, raqamli distributsiya, transchegaraviy elektron tijorat va h.k. ta’riflari kiritilgan;

ikkinchidan, elektron tijoratni amalga oshirishning qo‘shimcha prinsiplari qayd etilgan. Xususan, hujjatlarni, sh.j. elektron hujjatlarni birxillashtirish, axborot xavfsizligini, tovarlar (ishlar va xizmatlar) sifati lozim darajada bo‘lishini ta’minlash, shuningdek tartib-taomillarning ochiq-oshkoraligi, shaffofligi va tushunarliligi haqida so‘z yuritilgan. Mazkur soha asoslangan har bir prinsipning mazmun-mohiyati alohida ochib berilgan;

uchinchidan, sohani davlat tomonidan tartibga solish tartibi belgilangan: Vazirlar Mahkamasi, Axborot kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (vakolatli organ), davlat organlari va mahalliy hokimiyatlarning vakolati cheklangan;

to‘rtinchidan, elektron tijorat ishtirokchilarining (sotuvchi va xaridorlar, biznes-operatorlar, sh.j. bitimlarni tuzishda ishtirok etuvchi yoki bunda yordam beruvchi savdo platformalarining operatorlari) tarkibi, shuningdek ularning o‘zaro munosabatlari xususiyati belgilangan;

beshinchidan, bitimlarni tuzish tartibi, shu jumladan ularni hujjatlashtirish shakli va tartibi, elektron hujjatlar va xabarlarning yuridik kuchi, ularni saqlash shartlari va muddatlari, shuningdek bitim taraflari to‘g‘risidagi axborot tarkibi va h.k. batafsil qayd etilgan. Hisob-kitob qilish, tovarlarni yetkazib berish, ularni qaytarish va to‘lov summalarini qoplash tartibiga oid masalalar tartibga solingan;

oltinchidan, raqamli mahsulotlar bilan bog‘liq bitimlarni tuzish qoidalari tilga olingan. Transchegaraviy elektron tijoratga alohida bob bag‘ishlangan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun yangilanadi