18:21 / 10.01.2019
10 938

"O‘zgidromet" Bosh sinoptigi bu yilgi qish va qorli kunlar haqida

"O‘zgidromet" Bosh sinoptigi bu yilgi qish va qorli kunlar haqida
"O‘zgidromet" Bosh sinoptigi Irina Zayseva 5-fevralgacha qish chillasi qanday davom etishi, bu davrda ob-havo qanday bo‘lishi, qaysi hududlarda qor yog‘ishi haqida O‘zAga quyidagilarni ma’lum qildi.

– Aslini olganda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston aholisi uchun ko‘proq yoz chillasi degan tushuncha yaqinroq, – deydi I. Zayseva. – Ya’ni iyun oyining oxirgi o‘n kunligida boshlanib, avgust oyining beshinchi sanasigacha davom etadigan issiq davr. Biroq, bizning iqlim sharoitimizda ilmiy nuqtai nazardan qish chillasi kutish har doim ham asosli bo‘lavermaydi. Odatda, O‘zbekistonda qish qisqa muddatli va kam qorli bo‘ladi. Qishning asosiy xususiyati shundaki butun qish davomida haroratning keskin o‘zgarishlari kuzatiladi, ya’ni iliq va sovuq havo oqimlari bir-birini almashtirib turadi. Harorat pasayganda yoqqan qor harorat ko‘tarilishi bilan tez erib ketadi. Shuning uchun ham qalin va barqaror qor qatlami bizda kuzatilmaydi. Buning ustiga oxirgi yillarda kuzatilayotgan global iqlim isishi munosabati bilan issiq to‘lqinlar tez-tez takrorlanib, uzoqroq davom etmoqda. Bundan 50-100 yil oldin tez-tez bo‘lmasa-da, lekin kuzatilgan qalin qorli qahraton sovuqlar hozir juda kam.

Bu yilgi qish ham bundan istisno bo‘lmayapti, sovuqni va qorni yaxshi ko‘radiganlarni zumrad qish ob-havosi bilan xursand qilgani yo‘q. Asosan yomg‘ir yog‘ib, ba’zi joylarda qorga aylangan bo‘lsa-da, harorat iliq.

Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizda eng past harorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimoliy tumanlarida kuzatiladi. Ba’zan eng sovuq davrlarda harorat bu hududlarda 20-25 daraja sovuqqacha tushib ketishi mumkin. Butun kuzatuvlar davri mobaynida esa absolyut past harorat 29-34 daraja sovuqni tashkil qilgani qayd etilgan. Ammo, bu yil bunday past harorat yurtimiz shimolida ham kuzatilmadi. Hozirgi paytgacha bu yilgi qishning eng sovuq davr — o‘tgan yilning 23-24 dekabriga to‘g‘ri kelmoqda. Shunda shimolda harorat 16-18 daraja atrofida, faqat Ustyurt platosidagina 20-22 daraja sovuqni tashkil qildi.

Eng muhimi, bu yil tog‘da qor ko‘p. O‘tgan yildagiga qaraganda va umuman o‘rtacha ko‘p yillik davrga nisbatan ancha ko‘p, deb ayta olamiz. Qishki hordiqni, qishki sport turlarini xush ko‘radigan yurtdoshlarimiz dam olish zonalariga borib hordiq chiqarishi va ko‘ngilli vaqt o‘tkazishi mumkin.

Biroq, tog‘ yonbag‘irlarida qorning ko‘pligi ehtiyotkorlik va xavfsizlik choralarini ko‘rishni talab etadi. Ruxsat etilmagan zonalarda chana uchish mumkin emas. Ko‘chki xavfi e’lon qilinganda tog‘larga chiqishni maslahat bermaymiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » "O‘zgidromet" Bosh sinoptigi bu yilgi qish va qorli kunlar haqida