Alisher Usmonov O‘zbekistonga 8 mln dollarlik nodir kitoblar kolleksiyasini sovg‘a qildi

  • 22 yanvar 2019, 19:23
  • 2 781
  • O‘zbekiston
  • Alisher Usmonov O‘zbekistonga 8 mln dollarlik nodir kitoblar kolleksiyasini sovg‘a qildi
    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarovning ma’lum qilishicha, markazning ma’muriy va asosiy binolarini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlarga homiylik qilayotgan vatandoshimiz, ayni paytda Rossiya Federatsiyasida istiqomat qilib kelayotgan tadbirkor Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga qiymati 8 million dollarga teng bo‘lgan 4 923 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasini tuhfa qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

    – Ushbu bebaho kolleksiyadan sharqshunoslik va islom olamining Yevropaga ta’siriga doir XIII asrdan boshlab to hozirga qadar chop etilgan lotin, ingliz, fransuz, nemis tilidagi noyob kitoblar jamlangan, – deydi Sh.Minovarov. – Mavjud 4 923 kitobning ingliz tilidagi katalogi ayni paytda o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Nodir kitoblar orasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobining ilk lotincha tarjimasi ham bor. Shuningdek, o‘ta noyob sanalgan “Musulmon manbaalarini tarjima qilish uchun lotincha-arabcha lug‘at” nomli qo‘llanma ham mavjud.

    Beruniy, Farg‘oniy singari ulug‘ ajdodlarimizning ayrim asarlari yo‘qolib ketgan, bizgacha yetib kelmagan. Ammo bu asarlarning lotin tilidagi tarjimalari saqlanib qolgan. 1200-1300 yillarga taalluqli o‘sha lotincha-arabcha lug‘atlar yordamida ajdodlarimizning lotin tilidagi ilmiy merosini asliyatda qanday bo‘lganini bemalol o‘rganishimiz mumkin.

    Ushbu noyob kolleksiya madaniyat va san’at homiysi hisoblangan vatandoshimizning xalqimizga bebaho tuhfasidir, deyiladi xabarda.

    » » Alisher Usmonov O‘zbekistonga 8 mln dollarlik nodir kitoblar kolleksiyasini sovg‘a qildi