Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi yakunlandi

  • 24 yanvar 2019, 08:57
  • 2 530
  • O‘zbekiston
  • Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi yakunlandi
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20-23 yanvar kunlari Germaniyaga qilgan rasmiy tashrifi nihoyasiga yetdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

    "Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga rasmiy tashrifini yakunlab, Toshkentga yetib keldi", – deyiladi xabarda.
    Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari tashrif davomida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bilan uchrashdi.
    Ma’lumot uchun: O‘zbekiston va Germaniya umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.

    Shartnomalar quyidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi:
    - «TissenKrupp», «Linde», «Takraf», «Simens» kompaniyalari bilan neft-gaz, neft-kimyo va energetika sohasida;
    - «Opasko», «Akso», «Frezenius Medikal Kear» bilan sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasida;
    - qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida «DiEmKey Bebi», «Nyu Texnologiyen» bilan;
    - «Knauf» va «Falk Porshe Texnik» bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida;
    - «Plaza Otel» va «Rims Xotels end Rezorts» kompaniyalari bilan mehmonxonalar qurish bo‘yicha.

    Shuningdek, Germaniyaning «Doyche bank», «Kommersbank», «Landesbank», «KfV», «Aka bank» banklari bilan O‘zbekiston Respublikasida loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika tijorat banklariga kreditlar ajratish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

    Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan umumiy qiymati 516 mln dollar bo‘lgan, energetika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish va Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyatida maishiy chiqindilarni qayta ishlashni nazarda tutuvchi kelishuvlar imzolandi.

    » » Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi yakunlandi