19:33 / 25.01.2019
4 838

Germaniya ishbilarmonlari O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqmoqda

Germaniya ishbilarmonlari O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqmoqda
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrif doirasida Berlinda O‘zbekiston — Germaniya ishbilarmonlari biznes forumi, shuningdek, qator tadbirlar, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Ularda ishtirok etgan ikki mamlakat vazirlik va idoralari, kompaniya hamda konsernlari rahbarlari O‘zbekiston — Germaniya hamkorligi istiqbollari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ekxart FRANS, Germaniya Federativ Respublikasi iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari:
— O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar menda katta taassurot qoldirdi. Davlatingiz rahbari tomonidan jadal iqtisodiy islohotlar o‘tkazilayotgani hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. O‘zbekiston — Germaniya biznes forumida 300 dan ortiq germaniyalik tadbirkor qatnashgani mamlakatingiz bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, investitsiya kiritish va biznes yuritishga katta qiziqish borligidan dalolat.

O‘zbekiston — Germaniya hukumatlararo ishchi guruhi majlisida ishtirok etish asnosida o‘zbekistonlik hamkasblarim bilan iqtisodiy sohalardagi sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini tahlil qildik. Shuni mamnuniyat bilan qayd etishni istardimki, ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik uchun mamlakatlarimizda salohiyat yuqori. Yurtingizning dunyo hamjamiyati uchun tobora ochilib borayotgani uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirib, o‘zaro hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Alisher ShODMONOV, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri:
— Germaniya tibbiyoti saraton kasalliklari bilan bog‘liq masalalarni muvaffaqiyatli yechib kelmoqda. Shu bois onkologiya sohasida Germaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Xususan, bir nechta loyihalar bo‘yicha shartnomalar imzoladik. Jumladan, Toshkent tumanida onkologiya markazi bunyod etishga kelishdik. Bu yerda loyihaning asosiy hamkorlari — “OPASCA” kompaniyasi va Mannhaym universiteti klinikasi mutaxassislari faoliyat ko‘rsatadi. Markaz O‘zbekistonda onkologlarni tayyorlashga ham katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududida onkologiya uchun maxsus markaz tashkil etish bo‘yicha “Fresenius Vamed” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Mazkur klinikada ham nemis mutaxassislari ishtirokida saraton xastaliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash bo‘yicha yangi maktab yaratiladi.

Alisher MIRSOATOV, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisi:
— Ikki mamlakat ishbilarmonlari biznes forumi doirasida Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamda Germaniyaning uchta banki o‘rtasida 500 million yevrolik shartnomalar imzolandi. Ushbu kredit mablag‘lari mamlakatimizga Yevropaning eng zamonaviy uskuna va texnologiyalarini olib kelish imkonini beradi. Natijada eksportbop hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yanada kengayadi.

Davlatimiz rahbari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida banklar nafaqat mablag‘ jalb qilishi, balki biznes hamkorlar topishi ham zarurligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, forumda germaniyalik hamkorlar bilan jami qiymati 100 million yevroga teng yana 4 ta yirik loyiha bo‘yicha kelishuvga erishdik. Mazkur loyihalar to‘qimachilik, tibbiy anjom va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida bo‘lib, mingdan ziyod qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Yurgen RIXTERIN, YeTTB vitse-prezidenti:
— O‘zbekistondagi faoliyatimiz 2016 yildan boshlab izchil rivojlanmoqda. So‘nggi 18 oy mobaynida qiymati 500 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan 16 ta loyihani ro‘yobga chiqarishga oid hujjatlar imzoladik. Bugun gaz sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan 250 million AQSh dollariga teng shartnomaga imzo chekdik. Kelgusida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda xususiy sektordagi faoliyatimizni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Jon van der VELDEN, “Linde” konserni boshqaruvi a’zosi:
— Forum doirasida o‘zbekistonlik vakillar bilan Xorazmda gaz-kimyo majmuasini rivojlantirish bo‘yicha muzokara olib bordik. Bu loyihada qatnashishdan mamnunmiz. Uni amalga oshirish uchun oldindan investitsiya kiritishga, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ustida ish olib borishga tayyormiz.

O‘zbekistonning neft-gaz sohasidagi salohiyati yuqori. Sanoatning ushbu tarmog‘ida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bois mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bizning kelishuvimiz gazni nafaqat eksport qilish, balki qayta ishlash, neft-gaz mahsulotlari tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Ketlin GYoBEL, “CULTURAL cooperation international” kompaniyasi direktori:
— Tashrif arafasida O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida yurtingiz madaniy merosiga oid kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyiha mamlakatingiz madaniyati va san’atini o‘rganish, uni targ‘ib qilishga bag‘ishlangani bilan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashni istardim. Boisi, taqdim etilgan kitobda Germaniyada saqlanayotgan O‘zbekiston madaniyati hamda san’atiga oid noyob meros haqida qimmatli ma’lumotlar jamlangan. Ular orqali O‘zbekiston bilan yaqindan tanishish, yurtingiz haqidagi bilimlarni oshirish mumkin.

Zasha XENDLER, “Textima Export Import” kompaniyasi savdo direktori:
— Mamlakatingiz bilan do‘stona va o‘zaro ishonch ruhidagi hamkorligimiz samarali kechmoqda. O‘zbekistonning qator banklari bilan hamkorlik memorandumlari imzolaganmiz. Kelgusida o‘zaro aloqalar yanada rivojlanishiga ishonamiz. Bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida o‘zbekistonlik sheriklar bilan uchrashish, istiqbolli loyihalar bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ldik.

Klaus BONEMAN, “Wehrhahn” qurilish kompaniyasi direktori:
— Qurilish sohasi texnologiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kompaniyamiz bir yildan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda. Yaqinda mamlakatingizning yana bir kompaniyasi bilan beton sanoatida g‘ovak tosh ishlab chiqarish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha muzokara olib bordik. Ishonamizki, bu uskunalar amaliyotda kutilgan samarani beradi. Bundan tashqari, o‘tgan yili yurtingizda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkent, Samarqand va Jizzax shaharlaridagi sanoat korxonalarida kompaniyamiz texnologiyalarini o‘rnatish to‘g‘risida memorandum imzolagan edik. Shu kabi kelishuvlarimiz O‘zbekistonni sifatli, zamonaviy qurilish materiallari bilan ta’minlash imkonini beradi.

Falk PORShE, “Doyche Kabel AG Toshkent” qo‘shma korxonasi ijrochi direktori:
— O‘zbekiston bozorida 20 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapmiz. Mazkur iqtisodiy forumda qatnashish uchun 250 dan ortiq o‘zbekistonlik tadbirkorlar Berlinga tashrif buyurganini eshitib quvondik. Mazkur yirik anjuman ham mamlakatingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ko‘plab tashabbus va islohotlar natijasidir. Biz ham O‘zbekiston energetika sohasiga investitsiyalar kiritish istagidamiz.

Frank XUBRIX, “Takraf” kompaniyasi boshqaruvi raisi va bosh direktori:
— Kompaniyamiz tog‘-kon sanoati sohasida faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda ichimlik suvini qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi texnologiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha ham o‘z xizmatlarimizni taklif etmoqdamiz. Xususan, mamlakatingizning kimyo sanoati sohasiga ixtisoslashtirilgan kompaniyalari bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz.

O‘zbekiston tog‘-kon sanoati korxonalari uchun kerakli “Tashkura” texnologiyasini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi faoliyatida qatnashyapmiz. Bugun sheriklik munosabatlarini kengaytirish imkoniyati yaratilmoqda. O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar investorlar ishonchini mustahkamlayapti.

O‘zbekistonda Germaniya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilgani keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Endilikda biznes doira vakillari yoki sayyohlar yurtingizga bemalol safar uyushtirishi, Sharq tamadduniga beshik mamlakatingiz tarixi va bugungi rivojlanish jarayoni bilan bevosita tanishishi mumkin.

Xans-Yurgen XENNES, Mannhaym universiteti klinikasi rahbari:
— Klinikamizda, asosan, onkologik sohada ilmiy tekshiruvlar olib boriladi. Xorijiy tibbiy muassasalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu to‘plangan boy tajriba bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi. Bugun ushbu hamkorlik O‘zbekiston bilan ham yo‘lga qo‘yilayotganidan mamnunmiz. Yurtingiz shifokorlari uchun turli o‘quv amaliyotlari, malaka oshirish kurslari orqali o‘z bilim hamda tajribamizni o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bo‘lishish istagidamiz. Shuningdek, turli loyihalar doirasida Germaniya tibbiyoti yutuqlarini mamlakatingizda ham tatbiq qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.

Karsten FYuLSTER, Xalqaro moliya korporatsiyasi mintaqaviy direktori:
— O‘zbekistonda jadal islohotlar yuz berayotganidan xabardormiz. Bu jarayon germaniyalik tadbirkorlarga mamlakatingizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish va u yerdan turib Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida o‘z faoliyatini olib borishiga imkon yaratadi. Xalqaro moliya korporatsiyasi nomidan shuni aytishim mumkinki, biz O‘zbekistonda istiqbolli rivojlanish jarayonini kuzatmoqdamiz. Shu bois, mamlakatingizda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab, ish o‘rinlari yaratilishiga ko‘maklashamiz.

Men mamlakatingizdagi islohotlar yuksak samaralar berishiga ishonaman va bu yo‘lda omadlar tilayman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan biznes forumi turli sohadagi tadbirkorlar hamda hamkorlar muloqoti yanada rivoj topib borishidan dalolat beradi.

Mattias RESLER, siyosatchi, Saksoniya Landtag parlamenti prezidenti:
— Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalar rivojlanib bormoqda. Bizning maqsadimiz ikki mamlakat olimlari va talabalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishdir. Nafaqat tadbirkorlar, balki ikki mamlakat yoshlari, olimlarining o‘zaro hamkorligi va tajriba almashishi o‘ta muhim. Germaniyaning Berlin, Drezden, Leypsig, Shtutgart hamda boshqa shaharlaridagi muzeylarda O‘zbekiston tarixiga oid nodir san’at asarlari va eksponatlar mavjud. O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi nafaqat iqtisodiy, balki ilm-fan, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning yangi qirralarini ochishga xizmat qiladi.

Klaus MANGOLD, “Mangold” konsalting guruhi raisi:
— O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar mamlakatning dunyoga tobora ochilishi, Germaniya, qolaversa, Yevropa ittifoqi uchun hamkorlik yo‘lidagi katta imkoniyatdir. Mazkur forum ham nemis ishbilarmonlarining O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqishidan dalolat beradi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi, kimyo, oziq-ovqat, neft va gaz sanoati sohalarida maqsadli loyihalarni amalga oshirish imkoniyati tug‘iladi. Germaniya ishbilarmonlari bu jarayonni jadallashtirishga o‘z hissasini qo‘shish istagida.

O‘zbekistonda ayni paytda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga guvohman. Mamlakatingiz endilikda Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy o‘sishiga turtki bo‘lishi lozim. Bugungi tadbir Germaniya Prezidentining mamlakatingizga tashrifi bilan davom etib qolmay, balki nemis ishbilarmonlari delegatsiyasining joriy yil kuzidagi tashrifi bilan bog‘lanib ketadi.

Shtefan EKKERT, “Humana” korxonasi boshqaruvi direktori:
— Biz uch yarim yildan buyon O‘zbekistondagi sheriklar bilan faol hamkorlik qilmoqdamiz. Maqsadimiz O‘zbekiston bozorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga hissamizni qo‘shishdir. Biz bolalar oziq-ovqatlari ishlab chiqarish sohasidagi loyihamizni amalga oshirish barobarida, vitaminlarga boy mahsulotlarga bo‘lgan talabni ham qondirish istagidamiz. Nafaqat xom ashyoni qayta ishlash, balki jahon standartlariga mos mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib bordik va ikki tomonlama kelishuvlarga erishdik. Galdagi vazifamiz moliyaviy hamda texnik masalalarni hal qilib, loyihani ishga tushirish.

Stefan YeNCh, “Obermayer“ kompaniyasi direktori:
— O‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro kelishuv imzolaganimizdan xursandmiz. Navbatdagi uchrashuvlarda texnika sohasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari to‘g‘risida kelishib olamiz. Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun infratuzilmani rivojlantirish eng muhim omillardan hisoblanadi. Tadbirga 300 ga yaqin ishbilarmonlar tashrif buyurgani bizni hayratda qoldirdi. Bu dastlabki hamkorligimiz uchun yaxshi ko‘rsatkichdir. Biz nafaqat texnika sohasida hamkorlik qilamiz, balki mamlakatlarimiz o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishni maqsad qilganmiz. Bu esa biz, ishbilarmonlar uchun mamlakatingizda loyihalarimizni rejalashtirishga puxta zamin yaratadi.

Andrey NOVITsKIY, BCG-Boston konsalting guruhi hamkori va boshqaruvchi direktori:
— O‘zbekistonda BCG bilan hamkorlikda bir qancha loyihalar amalga oshirildi. Hamkorlik O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini tadqiq etishdan boshlangan edi. Uning doirasida o‘nlab xorijiy sarmoyadorlar va yuzlab mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Maqsad qaysi yo‘nalishlarda ilg‘or mamlakatlardan farqli jihatlar mavjudligi, qaysi yo‘nalishlarga o‘zgartirishlar kiritish kerakligini aniqlashdan iborat edi. Shunga ko‘ra, qonunchilikning soliq, bojxona, eksport-import sohalari bo‘yicha o‘zgartishlar kiritishga oid takliflar dasturi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda mana shu o‘zgarishlarning ilk samaralari namoyon bo‘lmoqda. Natijada O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqish ortib bormoqda, nemis kompaniyalari ham yurtingizga investitsiya kiritish yuzasidan shartnomalar imzolashga tayyor.

Sara BORELLA, GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi oliy kengashi a’zosi:
— Forum doirasida GFR Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashda muhim qadamlardan biridir. Savdo-sanoat palatalari assotsiatsiyasi GFRdagi yirik uyushma bo‘lib, uning vazifasi korxonalarni birlashtirish va tashqi bozorga chiqishiga ko‘maklashishdan iborat.

Biz O‘zbekistonga muhim mamlakatlardan biri sifatida qaraymiz. Palatamiz nemis korxonalariga investitsiya kiritish va o‘zaro tovar aylanmasini oshirishda ko‘maklashadi. Kelgusida Germaniya va O‘zbekistondagi kompaniyalar o‘zaro hamkorlik qilishi, yangi sheriklar topib, ular bilan shartnomalar imzolashi, o‘zaro tovar aylanmasini oshirishi uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz.

Stefan XAYD, “Roland berger” kompaniyasi vakili:
— Dunyoning 50 mamlakatidan 2 mingdan ziyod maslahatchi faoliyat olib borayotgan kompaniyamiz bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi bilan qo‘shma loyiha ustida ish olib bormoqda. Avtomobil yo‘llari tarmog‘i xususiy kapitalni jalb qiluvchi manbadir. Shu bois biz o‘z tajribamizni davlat xususiy sherikchiligi munosabatlari asosida yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.

Zuzana FRANS, ODDO BHF (Fransiya — Germaniya moliyaviy xizmatlar guruhi) mintaqalararo boshqaruvi direktori:
— “O‘zsanoatqurilishbank” bilan 50 million yevrolik loyihani moliyalashtirish uchun bitim imzoladik. O‘tgan yili savdoni moliyalashtirish, g‘aznachilik, mutaxassislarni o‘qitish sohalari bo‘yicha o‘zbek korxonalari bilan hamkorlikda ishlash, sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida yurtingizda bo‘ldik. Kelgusida muvaffaqiyatli hamkorlik qilish, yangi loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi eng ishonchli mamlakat. So‘nggi yillarda yurtingizda yuz berayotgan o‘zgarishlar ko‘pchilik sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etmoqda. Xususan, xususiy sektor sohasi hamda sanoat korxonalaridagi ko‘plab sarmoyadorlarimiz Markaziy Osiyoga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston banklari bilan birga ularning rejalarini amalga oshirish va mamlakatingiz iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishda ko‘mak ko‘rsatamiz, degan umiddamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Germaniya ishbilarmonlari O‘zbekistonga sarmoya kiritishga qiziqmoqda