06:02 / 30.01.2019
4 219

Shavkat Mirziyoyev valyutani erkinlashtirish choralarining natijadorligi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi

Shavkat Mirziyoyev valyutani erkinlashtirish choralarining natijadorligi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilishda iqtisodiyot rivojlanishi va tadbirkorlar faoliyati uchun katta toʻsiq boʻlib kelgan valyutani erkin sotib olish va sotish borasidagi cheklov va muammolar bartaraf etilgani qayd etib oʻtilgan. Taʼkidlanishicha, oldingi yillarda eksport tushumlari boʻyicha majburiy sotuv talabi bor paytda eksportdan tushgan valyuta tushumlarining ichki bozorga ishlatilishi 30 foizni tashkil etgan boʻlsa, bunday cheklov va talablar olib tashlanganidan keyin ushbu koʻrsatkich 61 foizga yetdi.

Buning natijasida tashkilotlar oʻzlari uchun zarur xomashyo va asbob-uskunalarni xarid qilish, joriy va investitsiya ehtiyojlarini qoplash imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, oʻtgan yili sanoat hajmlari 14,4 foizga, eksport tushumi 19 foizga oʻsdi va eksportyorlarning banklarga sotgan valyuta hajmi 1,9 barobar oshishiga erishildi.

Bu esa, oʻz navbatida, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbari 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida valyutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalardan ekanini taʼkidlagan edi. Yigʻilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Valyuta zaxiralaridan oqilona foydalanish, ushbu zaxirani boshqarishning aniq strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, oltin-valyuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, valyutalarni saqlashda xalqaro tajriba asosida qimmatli qogʻozlar, jumladan, yuqori likvidli obligatsiyalardan foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Valyuta tushumlari va oltin-valyuta zaxiralarining koʻpayishini taʼminlashda eng optimal yoʻl bu – eksport salohiyatini oshirishdir. Shuning uchun bu yil eksport prognozlari oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻproq qilib belgilangan.

Lekin, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarda hanuzgacha eksport tushumi boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir xoʻjalik birlashmasi kesimida eksport boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra, iqtisodiyot erkinlashgan va investitsiyalar faollashgan sharoitda tashqi savdo aylanmasida oʻzgarishlar boʻlishi tabiiy holat.

Prezident erkin sotib olinayotgan valyuta mamlakat iqtisodiyotining ertangi kundagi rivojlanish maqsadlariga xizmat qilishi kerakligini alohida taʼkidladi. Mahalliy ishlab chiqarishning ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida investitsiya xarakteriga ega boʻlgan texnologiya, asbob-uskuna, xomashyo va materiallarni xarid qilishda xoʻjalik yurituvchi subyektlar va korxonalarning valyutalarini samarali yoʻnaltirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Davlat ulushiga ega korxonalarda import oʻrnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, yangi bojxona tariflarining mahalliy ishlab chiqarishga taʼsirini oʻrganib, amaldagi tariflarni yanada takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda yetakchi korxona va tashkilotlar kesimida eksport tushumlari tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Mamlakat eksport salohiyatini oshirish, shu jumladan, yetakchi eksportyor korxonalarning eksport tushumlarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Bu borada nisbiy ustuvorlikka ega boʻlgan sohalarni aniqlab olish hamda ularni rivojlantirish boʻyicha konsepsiya va yoʻl xaritalari ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev valyutani erkinlashtirish choralarining natijadorligi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi