07:58 / 06.03.2019
5 350

Oʻzbekiston nega Rossiya harbiy samolyotlarining havo hududidan uchishiga ruxsat berdi?

Oʻzbekiston nega Rossiya harbiy samolyotlarining havo hududidan uchishiga ruxsat berdi?
Senat 18-yalpi majlisda Oʻzbekiston va Rossiya hukumatlari oʻrtasida harbiy havo kemalarning mamlakatlar havo hududidan foydalanishini maʼqulladi. Bu xabar ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini oʻylantirib qoʻydi, xususan “nahot, rus harbiylari taʼsiriga tushib qolsak”, deya muhokamalar boshlandi.

Senator Valeriy Tyanning aytishicha, hujjat bilan harbiy havo kemalarining boshqa davlat havo hududidan uchib oʻtishi jarayoni soddalashtiriladi, ruxsat olish va parvoz qilish vaqti kamayadi. Aslida-chi, gap nimada?

“Ayni kelishuv, birinchi galda, Oʻzbekistonning manfaatlariga toʻla mos keladi. Hujjat harbiy mahsulotlarni yetkazib berish shartlarini soddalashtirib, tashkiliy masalalarda qaror qabul qilish tezligini oshiradi”, – deydi senator.

2016 yil 29 noyabr kuni Moskva va Toshkent oʻrtasidagi harbiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha hamkorlik hujjatlari qabul qilingandi. Keyinroq, 2018 yili 29 mart kuni Yerevan shahrida oʻtkazilgan ArmHiTec-2018 xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekiston va Rossiya hukumati vakillari 10dan ortiq harbiy Mi-35m vertolyotlarini xarid qilishga kelishib olgandi.

Senator taʼkidlaganidek, harbiy mahsulotlarni yetkazib berish shartlari soddalashtirilishi, rasmiyatchilik ishlari kam vaqt olishi kerak. Senat maʼqullagan bitim aynan shu shartlarning paydo boʻlishiga yoʻl ochib beradi, jumladan vertolyot va boshqa harbiy mahsulotlarning yetkazib berishda harbiy uchoqlarning parvozida kamroq masalalar paydo boʻladi.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9 yanvar kuni parlament tomonidan maʼqullangan mamlakatning yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasini imzolagandi. Unga koʻra, yangi tahrirdagi Mudofaa doktrinasi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa salohiyatini oshirish, professional armiyani tayyorlash hamda “mudofaa maqsadidagi harbiy-texnikaviy sanoatni rivojlantirish”ga yoʻl ochishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni bitimni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi.

Aynan mana shu omillarni inobatga olgan holda, muhokamalarga jiddiy tus berish kerak emasligini taʼkidlamoqchimiz. Oʻylaymizki, bu faqat Oʻzbekistonning harbiy salohiyati va harbiy-tehnikaviy salohiyatini oshirish uchun tuzilgan bitim edi, xolos.
Alisher Roʻzioxunov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekiston nega Rossiya harbiy samolyotlarining havo hududidan uchishiga ruxsat berdi?