21:57 / 07.03.2019
6 454

1 maydan xotin-qizlarga keng huquq va imkoniyatlar beriladi

1 maydan xotin-qizlarga keng huquq va imkoniyatlar beriladi
Foto: Prezidentning Matbuot xizmati
Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:

2019 yil 1 maydan:
- ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi;
- tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi;
- bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili beriladi;
- ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
- ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;
- erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.

Nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega boʻlgan “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” tashkil etiladi.
Ushbu markazga bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga koʻmaklashish; tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish va boshqa vazifalar yuklatiladi.

Markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi.

Markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablagʻlar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida maxsus oʻqitish dasturi boʻyicha oʻqitiladi.

Maxsus oʻqitish dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi tavsiyasiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi.

Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard soʻm resurs mablagʻlari ushbu imtiyozli kredit mablagʻlarining manbasi etib hisoblanadi. Mazkur resurs mablagʻlarining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Xotin-qizlar qoʻmitasi kredit olish uchun tavsiya berish jarayonini adolatli va shaffofligini taʼminlovchi tartibni ishlab chiqadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 1 maydan xotin-qizlarga keng huquq va imkoniyatlar beriladi