06:02 / 08.03.2019
3 757

Turizm faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish belgilanmoqda

Turizm faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish belgilanmoqda
Mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yuksaltirish, soha faoliyatini xalqaro talablar darajasida takomillashtirish va rivojlantirish borasida keng koʻlamli saʼy-harakatlar roʻyobga chiqarilmoqda. Ammo ushbu tizimni taraqqiy ettirishning qonuniy asoslari bugungi kun talablariga javob bermaydi.

Shu bois “Turizm toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi tayyorlanib, parlament quyi palatasining majlisida birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi.

Ishchi guruhi tomonidan ushbu qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2018 yil 8 avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonidan kelib chiqib takomillashtirildi. Undagi havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi moddalar kiritildi hamda masʼul vazirlik va idoralar bilan muhokama etildi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan oʻtkazilgan ochiq muloqotda yangi tahrirdagi “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi atroflicha koʻrib chiqildi.

Fraksiya aʼzolari qayd etganidek, ushbu hujjatda turizm faoliyatini tashkillashtirishni taʼminlaydigan turizm korxonalari — turizm operatorlari, agentliklari, firmalari, ekskursiya tashkilotlarining turizm faoliyatini amalga oshirish huquqi faqat litsenziya asosida olib borilishi belgilab qoʻyilmoqda. Bu bilan qonuniy tartibda turizm faoliyatini tashkil etish istagida boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs mazkur litsenziya asosida erkin ravishda faoliyat yuritishi imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, unda alohida bob sifatida turistik hudud va turistik klasterlar kiritilgan, yangi normalarda esa ekskursiyachilar, gid, yoʻriqchi-yoʻlboshlovchilar sertifikati, turistik mahsulotlarni sotish va boshqalar keltirilgan.

Qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Angliya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Polsha, Belarus, Qozogʻiston kabi bir qator xorijiy davlatlarning turizm sohasidagi qonunchiligi tahlil qilingan.

Ochiq muloqotda deputatlar va partiya faollari qonun loyihasiga oʻz takliflarini bildirdi. Taʼkidlab oʻtilganidek, mazkur hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirish, soha taraqqiyotini taʼminlash va uning infratuzilmalarini jahon standartlariga mos ravishda takomillashtirishga xizmat qiladi.

Yakunda fraksiya masʼul qoʻmitaga ushbu qonun loyihasini yaqin kunlarda yangi tahrirdagi “Turizm toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tariqasida quyi palata majlisiga kiritishni taklif etdi.

Manba: “Xalq soʻzi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Turizm faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish belgilanmoqda