Pokiston prezidenti: “Vatandoshlarim qalbida Oʻzbekistonga nisbatan oʻzgacha hurmat va qiziqish bor”

  • 10 mart 2019, 12:32
  • 2 240
  • O‘zbekiston
  • Pokiston prezidenti: “Vatandoshlarim qalbida Oʻzbekistonga nisbatan oʻzgacha hurmat va qiziqish bor”
    Pokiston prezidenti Arif Alvi 4 mart kuni “Ayvani-Sadr” qasrida Oʻzbekiston elchisi Furqat Sidiqovni qabul qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

    Xabar berishlaricha, Pokiston rahbari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligi ostida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni hamda mamlakatdagi huquqiy va institutsional oʻzgarishlarni yuqori baholagan.

    Prezident Alvi Oʻzbekiston rahbariyatining mintaqada yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan tashqi siyosiy tashabbuslarini, ayniqsa uning Afgʻonistonda barqaror tinchlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini Pokiston tomoni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini eʼtirof etgan.

    Pokiston, shuningdek, Oʻzbekistonning xavfsizlik, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish masalalari, mintaqaviy mushtaraklikni rivojlantirish, transport infratuzilmalari va energetik hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mavqeyiga sherik boʻlishini va ularni qoʻllab-quvvatlashini ham tasdiqlagan.

    Pokiston yetakchisi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasining dinamik oʻsayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, 2018 yilda Oʻzbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi yetakchi iqtisodiy sherigiga aylanganiga eʼtiborni qaratgan. Oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga tomonlarda qiziqish borligi oʻz tasdigʻini topgan.

    Ikki mamlakat hududlari, ayniqsa buyuk Boburiylarning tarixiy merosi bir-biriga bogʻlab turuvchi Panjob provinsiyasi va Namangan viloyati oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlariga alohida qiziqish bildirilgan.

    “Boy tarixga ega Oʻzbekiston buyuk islomiy mutafakkirlarning vatanidir. Shu sabab mening vatandoshlarim qalbida mamlakatingizga nisbatan oʻzgacha hurmat va qiziqish bor”, — deya taʼkidlagan Pokiston Prezidenti.

    Bir vaqtning oʻzida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Fan va texnologiyalar boʻyicha qoʻmitasiga raisilik qilayotgan prezident Arif Alvi mazkur qoʻmitaning Oʻzbekiston bilan faol va samarali hamkorlik qilishga, avvalo 2020 yilda Toshkent shahrida Fan va texnologiyalar boʻyicha Ikkinchi IHT sammitini oʻtkazish doirasida birgalikda ishlashga tayyor ekanligini tasdiqlagan.

    “Uchrashuv yakunida Pokiston prezidenti Oʻzbekiston Prezidentiga oʻzining samimiy hurmatini yetkazib qoʻyishni soʻradi va mamlakatimiz rahbariga keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishida muvaffaqiyat tiladi”, — deyiladi TIV axborotida.

    » » Pokiston prezidenti: “Vatandoshlarim qalbida Oʻzbekistonga nisbatan oʻzgacha hurmat va qiziqish bor”