Endi Uzcard plastik kartochkalari orqali valyuta olish imkoniyati paydo boʻladi

  • 11 mart 2019, 22:30
  • 2 320
  • O‘zbekiston
  • Endi Uzcard plastik kartochkalari orqali valyuta olish imkoniyati paydo boʻladi
    Yagona umumrespublika protsessing markazi hamda UnionPay International oʻrtasida kobeydjing kartalar chiqarilishiga tegishli shartnoma imzolandi. Kelishuv markazimiz vakillarining Xitoy Respublikasiga tashrifi doirasida amalga oshirildi, deb xabar bermoqda markaz axborot xizmati.

    “Uzcard va UnionPay International kelishuvning asosiy maqsadlaridan biri kobeydjing kartalar ishlab chiqarilishiga aʼzo boʻlgan bankni aniqlash boʻlib, unga koʻra, Aloqabank tomonidan UnionPay International xalqaro toʻlov tizimini qoʻllab-quvvatlovchi ilk kobeydjing kartalari chiqarilishi belgilab oʻtildi”, — deyiladi axborotda.

    Bundan avval, Oʻzbekiston hududida 1 iyuldan boshlab kobeydjing kartalari ishlab chiqarilishini eʼlon qilgandi.

    Ikki kompaniya oʻrtasida imzolangan kelishuvga binoan endilikda ikki toʻlov tizimlariga xizmat koʻrsatuvchi kobeydjing kartalari UzCard yagona toʻlov tizimida mamlakatimiz hududida ham xizmat koʻrsatadi, ham uning tashqarisida UnionPay International toʻlov tizimi doirasida toʻlovlarni qabul qilishi nazarda tutilgan.

    Maʼlum qilinishicha, markaz mutaxassislari tomonidan barcha POS-terminallarning dasturiy taʼminotini qayta oʻrnatish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Demak, yaqin kunlarda barcha POS-terminallar UnionPay International xalqaro kartalarini ham qabul qilishni boshlaydi.

    “Bugungi kunga kelib, UzCard plastik kartasini qabul qiluvchi barcha bankomatlar sertifikatsiyadan oʻtib, UnionPay kartalariga xizmat koʻrsatishga tayyorlanmoqda”, — deydi markaz vakili.

    Bundan tashqari, markaz bosh direktori Ahror Mahmudovning taʼkidlashicha, shu bilan tez orada konvertatsiyaga ehtiyoj qolmaydi. Chunki, Uzcard kartochkalari orqali bemalol valyuta yechib olish imkoniyati paydo boʻladi.

    » » Endi Uzcard plastik kartochkalari orqali valyuta olish imkoniyati paydo boʻladi