12:47 / 13.03.2019
4 456

Prezident qarori: Majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etiladi

Prezident qarori: Majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini soʻzsiz va oʻz vaqtida ijro etishni taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qoʻyish maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Advokatlar palatasining 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya institutini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinmoqda va u quyidagilarni nazarda tutadi:

· sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish undiruvchining arizasi boʻyicha 15 kundan koʻp boʻlmagan muddatga ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish uchun asos hisoblanadi;

· tomonlar oʻrtasida ijro predmetiga doir kelishuvga kelmaslik, shuningdek, tomonlardan birining mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishi yoki uni amalga oshirish muddatining tugashi ijro ishi yuritishni qaytadan tiklash uchun asos hisoblanadi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini takroran amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;

· tomonlar oʻrtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatadi;

· mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi.

Belgilanayotgan yangi tartibga koʻra, 2019 yil 1 iyundan boshlab:

· ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;

· ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining oʻz tashabbusiga koʻra koʻpi bilan ikki marta kechiktiriladi;

· ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlangan mutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlab oʻn besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab oʻrnatilayotgan tartibga muvofiq:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini yuritadi, unga tegishli maʼlumotlar bazasi tizimlari bilan integratsiya qilish yoʻli bilan quyidagilar kiritib boriladi:

· ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari;

· maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan solingan va undirilgan maʼmuriy jarimalar haqidagi maʼlumotlar;

b) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar)ning qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida ixtiyoriy tartibda bajarilmagan maʼmuriy jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari majburiy ijro etish uchun elektron hujjat koʻrinishida avtomatik ravishda Majburiy ijro byurosining axborot tizimiga yuboriladi;

v) ijro hujjatlarida undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasi yoki telefon (mobil) raqami (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ (mansabdor shaxs)ga taqdim etilgan boʻlsa) haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi xabarnoma uning joʻnatilganligi va qabul qilinib olinganligi faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) koʻrinishidayoʻllanadi;

g) Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani va Navoiy shahri Majburiy ijro byurosi boʻlimlarida tajriba sifatida ijro hujjatlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat ijrochilari oʻrtasida avtomatlashtirilgan taqsimlash tartibi joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori: Majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya instituti joriy etiladi