08:37 / 19.03.2019
4 033

Prezident farmoni: BAA fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi

Prezident farmoni: BAA fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish rejimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Farmon bilan 2019 yil 20 martdan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kun muddatga vizasiz rejim belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonga ish yuzasidan keladigan Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasidagi taklif qilayotgan yuridik shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat etishi talabi bekor qilingan holda, bir yil muddatgacha boʻlgan koʻp martalik vizalarni Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi muassasalarida hujjatlar qabul qilingan kun hisobga olinmasdan 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiradi.

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 yil 1 fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatining 32-bandi;

Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi PQ–3836-son qarori bilan tasdiqlangan 2018 yil 1 iyuldan boshlab fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasiga vizasiz tranzit kirish, vaqtinchalik boʻlish va chiqish tartibi belgilangan mamlakatlar roʻyxatining 62-bandi.

Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov va Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident farmoni: BAA fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilandi