MCHJ toʻgʻrisidagi qonunga tuzatishlar kiritildi

  • 30 mart 2019, 22:48
  • 1 143
  • O‘zbekiston
  • MCHJ toʻgʻrisidagi qonunga tuzatishlar kiritildi
    “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga tuzatishlar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

    Birinchidan, ustav kapitalidagi ulushni (uning bir qismini) jamiyatning bir ishtirokchisidan boshqalariga va uchinchi shaxslarga oʻtkazish tartibi batafsil belgilandi. Endi imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirish istagida boʻlgan ishtirokchi oʻz ulushini (uning bir qismini) sotishni taklif etayotgan ishtirokchini 7 kunlik muddatda bu haqda xabardor qilishi kerak. Bunda ulushni toʻliq yoki uning muayyan qismini sotib olmoqchi ekanligi koʻrsatiladi.

    Voqealarning keyingi rivoji kelib tushgan takliflarning umumiy miqdoriga bogʻliq:
    • agar u sotilayotgan ulushning miqdoridan oshmasa, ishtirokchilardan har biri uning oʻz xabarnomasida koʻrsatgan qismini sotib oladi, agar uning qolgan qismi uchinchi shaxs ixtiyoriga oʻtkazilguniga qadar jamiyat ishtirokchilaridan qoʻshimcha takliflar kelib tushmasa, uchinchi shaxsga oʻtkazilishi mumkin;
    • agar u sotilayotgan ulush (ulushning bir qismi) miqdoridan oshsa, ishtirokchilar, agar jamiyatning ustavida yoki jamiyat ishtirokchilarining kelishuvida boshqacha taqsimlash nazarda tutilmagan boʻlsa, ustav fondidagi oʻz ulushlari miqdorlariga mutanosib ravishda sotib oladi.

    Ikkinchidan, ustav fondidagi ulushning 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs (bundan davlat mustasno), agar bungacha ulushlarga egalik qilmagan yoki 50%idan kamrogʻiga egalik qilgan boʻlsa, minoritar ishtirokchilarga ulushlarini bozor qiymati boʻyicha oʻziga sotishni 30 kun ichida taklif etishi shart. Ustavda shunday tartibot nazarda tutilgan boʻlsa, ushbu taklif jamiyat orqali yuborilishi mumkin. Jamiyat ishtirokchisining oʻziga tegishli ulushini sotishi toʻgʻrisida 30 kun ichida yozma roziligini olgach, uni sotib olishi shart.

    Uchinchidan, dividendlarni toʻlash muddati belgilandi – u foydani taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 60 kundan oshmasligi kerak. Ularni toʻlash muddati va tartibi jamiyatning ustavida yoki ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi qarorida belgilanadi.

    Qonunga ustav fondining eng kam miqdorini undan chiqarib tashlash bilan bogʻliq bir qator tuzatishlar ham kiritildi.

    Qonun 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.

    » » MCHJ toʻgʻrisidagi qonunga tuzatishlar kiritildi