22:05 / 08.04.2019
5 232

Qamashida dolzarb muammo, «mas'uliyatsiz» rahbarlar bunga beparvo…

Qamashida dolzarb muammo, «mas'uliyatsiz» rahbarlar bunga beparvo…
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani…
Hududda ayni kunlarda qurilish va bunyodkorlik ishlari boshlangan.
Qamashining qiyofasini o‘zgartirish, odamlarga ish o‘rni yaratish maqsadida yangi ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Biroq e’tiborsizlikmi yoki mas’uliyatsizlik tufayli ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan muammolar ham yo‘q emas.
Bugun shu haqida ko‘rgan kechirganlarimizni gapiramiz…!

Tomorqa va obodonlashtirish ishlari sust

Qamashida 51 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, har bir mahallada Prezidentimiz tomonidan joriy yil 22 fevralda o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan amaliy ishlar yakunlanishi kerak.

Selektorda mart-aprel oylarida tomorqaga ekin ekish ishlari yangi tizimda, keng jamoatchilik ishtirokida tashkil qilinishi, Xalq qabulxonalari rahbarlari mahalla raislari bilan birga uyma-uy yurib, aholi talablari asosida ularga ko‘mak berishi alohida ta’kidlangan edi.
Ammo Tumandagi «Qishliq» mahalla fuqarolar yig‘inida bunday ishlar bajarilmagan. Bajarilgan bo‘lsada «mendan ketguncha » qabilida yo‘l tutilgan.

Egasiz va ta’mirtalab mahalla idorasi


Siz tasvirda ko‘rib turgan uy «Qishliq» mahallasi foydalanishida bo‘lib turgan bino hisoblanadi. Ko‘rib turganingizdek, bu «uy»ni mahalla ekaniga ishonish qiyin.
Ammo har jihatdan eskirgan va ta’mirtalab binoda ma’naviyat maskani deb atalmish mahalla joylashgan.
Bino atrofidagi ko‘lmakdan hosil bo‘lgan manzarani ko‘rib kishi ko‘ngli g‘ash tortadi. Eshikgacha borguncha bu ko‘lmaklardan kechib o‘tishdan boshqa chorangiz yo‘q…
Biror kimsa bor ekanmi, deb siniq derazalardan mo‘raladik. Afsuski, ichkaridan hech bir sado kelmadi.
Bizga peshvoz chiqqan mahalla inspektorining bu borada fikri bilan qiziqdik:

- Meni bu mahallaga ishga o‘tganimga atigi 5 kun bo‘ldi. Avvallari «Elobod» mahallasida faoliyat ko‘rsatganman. Bu yerga kelib, tartibsizlik va e’tiborsizlikdan o‘zim ham hayratga tushdim.

Qulash xavfidagi ko‘prik

Qishliqda seldan hosil bo‘lgan daryo ham bor. Qishloq o‘rtasidan o‘tgan sel toshqinlari hududni ikkiga bo‘lib qo‘ygan va bu orqali daryo vujudga kelgan.
Asosiy muammo daryoda emas balki aholi foydalanishida bo‘lib turgan ko‘prikning ta’mirtalab ekanligidadir.
– Ko‘rib turganingizdek ko‘prigimiz ayanchli holatga kelib qolgan,- deydi mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolardan biri Hamza Dubakov. Yomg‘ir yog‘sa, sel kelsa o‘rtada katta chuqur paydo bo‘ladi va ko‘prikdan o‘tish xavfi ortadi.
Biz esa bundan havotirdamiz. Chunki qishlog‘imiz aholisining ko‘pchiligi shahar markaziga borish uchun shu ko‘prikdan foylanishadi.

Rais nima deydi?

- Mahallamizda 9 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi,- deydi «Qishliq» MFY raisi Karol Buxorov. Biz har bir xonadonga kirib obodonlashtirish ishlari bo‘yicha ogohlantirish xatlarini berganmiz. Biroq fuqarolarimiz erinchoq. O‘z hovlisida tomorqa tashkil qilish chetda tursin hattoki, toza-ozoda tutishmaydi. Mening o‘zim va kotib hozirda ishlashga juda qiynalayapmiz. Chunki aholi soni ko‘p. Har bir xonadonga kirib tushuntirish ishlarini olib borishga ulgurmayapmiz.

Mahalla binosi borasida gapiradigan bo‘lsam, siz ko‘rgan bino aslida «Pochta» xizmati balansida turibdi. Biz vaqtinchalik ijara uchun foydalanayapmiz. Hokimlikka mahallada bino yo‘q ekanligi borasida bir necha bor xat qilib berganman. Lekin ulardan ham aniq javob olganim yo‘q. Ko‘prikning holati haqida hamma biladi. Biroq bilasiz ko‘prik qurish oson emas. Shu bois bu muammo yuzasidan aniq ma’lumot berolmayman.

«Qishliq»da yechimini kutayotgan yuqoridagi dolzarb muammolar yuzasidan tuman hokimligi binosi tomon yo‘l oldik. Afsuski tuman hokimligidan hech bir mutasaddi rahbarlarni topa olmagach, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qamashi tuman kengashiga bordik.
Bizni qarshilagan diniy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar hech bir savolimizga aniqlik kiritib berolmadi. Kengash raisining birinchi o‘rinbosarini esa ish joyidan topa olmadik.

O‘rganish ishlarimiz jarayonida aniq bo‘ldiki, hududdagi muammolar mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddi tashkilotlar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. Biz masalaga oydinlik kiritish uchun tuman hokimligi mutasaddilari bilan uchrashmoqchi edik. Afsuski, ularning ishi ko‘pligi bois buning imkoni bo‘lmadi.
Dilshod NABIYeV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qamashida dolzarb muammo, «mas'uliyatsiz» rahbarlar bunga beparvo…